Jajji va begʻubor bolajonlarga qoʻl koʻtarishdek ogʻir gunohga qoʻl urish uchun kimsa naqadar toshbagʻir boʻlishi kerak? «Hayot gullari», «Jannat rayhonlari» deb eʼzozlanadigan bolalar qanchalik shoʻx-shaddod boʻlmasin, ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish uchun kishida insoniylikdan asar ham qolmagan boʻlishi lozim. 

Achinarlisi va ogʻriqlisi shundaki, bunday holatlarning asosiy ishtirokchilari mehr-shafqat timsoli boʻlgan ayollar. Nahotki, zamonamiz ayollari shu qadar mehrsiz boʻlib ketayotgan boʻlsa? Nahotki, onalik fitratiga ega zotlar jajji vujudlarga zulm 

qilishdan tap tortmasa?

YUNISEF maʼlumotlariga koʻra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida zoʻravonlik holatlari bolaning ruhiy rivojlanishiga oʻnglab boʻlmas salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra esa, zoʻravonlikka duch kelgan bolalar keyinchalik ijtimoiy munosabatlarda muammolarga duch kelishi va agressiv xulq namoyon qilish ehtimoli yuqori boʻladi. 

Afsuski, ochiqlanayotgan holatlar aslida sodir boʻlayotganlarining maʼlum qismigina, xolos. Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, tarbiyachilar tomonidan bolalarga qoʻl koʻtarish va zoʻrlik ishlatish holatlari asosan nodavlat hamda davlat-xususiy sheriklik asosidagi muassasalarda koʻp uchramoqda. Agar muassasada boʻlgan vaqtda bolalarning sogʻligʻi va xavfsizligi uchun masʼuliyat toʻliq rahbar, yaʼni tadbirkorning zimmasida ekanini inobatga olsak, masala yanada oydinlashadi. Biroq tadbirkorning masʼuliyati davlat nazoratini inkor etmaydi. Mazkur muammo yechimi va tizimdagi tartib uchun baribir mutasaddi idoralar javobgar. 

Biz ushbu ogʻriqli masala boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Temur Sultonovga murojaat qildik.

– Bugungi kunda viloyatimizda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 79 foizga yetdi. Eʼtiborlisi, bunda nodavlat sektorning ulushi 42,3 foizni tashkil etmoqda, – deydi suhbatdoshimiz. – Sohada xususiy sektorning kengayishi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va bandlikni taʼminlash bilan birga, zimmaga ulkan masʼuliyat va javobgarlikni ham yuklaydi.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida kuzatilayotgan noxush holatlarning oldini olish uchun biz viloyatdagi har bir muassasada faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarni ularning ichki dunyosini va kasbiy faoliyatga ruhiy tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida psi­xologik testdan oʻtkazdik. 

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi, xususiy va oilaviy bogʻchalarda videokuzatuv nazoratini oʻrnatish hamda videoarxivlarni muntazam saqlash talabi qatʼiy qoʻyilmoqda. 

Bogʻchalardagi zoʻravonlik muam­mosini tamoman hal etish uchun faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmaslik kerak. Buning uchun tarbiya­chilarni qay­ta tayyorlash, nazorat tizimini takomillashtirish, asosiysi, sogʻlom taʼlim-tarbiya muhitini yaratish va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur.

Muammoning ildizini, yaʼni, asl sabab va omillarini oʻrganish maq­sadida tarbiyachilarga ham quloq tutishni lozim topdik.

– Toʻgʻri, koʻpchilik bu kasbni sevib tanlaydi. Ammo ogʻir ish rejimi va sharoitlar vaqt oʻtishi bilan tarbiyachida ruhiy zoʻriqishni keltirib chiqaradi, – deydi ismini oshkor qilishni istamagan tarbiyachilardan biri. – Masalan, boshqa sohalardan farqli oʻlaroq, bizda aniq belgilangan tushlik vaqti yoʻq. Buning ustiga, ayrim ota-ona­larning masʼuliyatsiz­ligi sabab ish vaqtimiz kechki soat oltidan keyin ham davom etadi. Natijada tarbiyachi ham uy, ham ishdagi javobgarlik, yuqori bosim sabab baʼzan oʻzini nazorat qilolmay, nomaqbul harakatlarga yoʻl qoʻyishi mumkin. Albatta, bunday holatlarni hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi.

Jizzax shahridagi «Inson manfaatlari» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari, psixolog Gulchehra Xidirova mazkur ogʻriqli masalaga quyidagicha munosabat bildirdi:

– Tahlillar shuni koʻrsatadiki, bogʻchalardagi zoʻravonlik holatlari zamirida bir nechta omillar yotadi. Ular orasida kadrlar tayyorgarligining pastligi, bolalar psixo­logiyasini yetarlicha bilmaslik va surunkali emotsional charchoq eng muhimlaridir.

Tarbiyachi nega bunday yoʻlga kiradi? Doimiy shovqindan tashqari oylik past, ish soati uzun, sharoit ogʻir boʻlsa – bu insonda asabiylikni oshiradi. Charchoq haddidan oshganda, oʻzini nazorat qilish qobiliyati pasayadi. «Qiyin bola» bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlmagan tarbiya­chi esa zoʻravonlikni «eng oson chora» 

deb oʻylaydi. Bundan tashqari, ayrim xodim­larning oʻzi ham bolaligida qattiqqoʻllik qurboni boʻlgan va buni «normal» deb qabul qiladi. 

Muammoning yechimi uchun har bir tarbiyachi emotsional intellektni rivojlantirishi, stressni boshqarishni oʻrganishi shart. Jahl chiqqanda darhol reaksiya qilmay, biroz tanaffus (pauza) qilish, urish oʻrniga tushuntirish va ragʻbatlantirish usullarini qoʻllash, eng muhimi, dam olish va ruhiy tiklanishga vaqt ajratish juda muhimdir.

Quvonarlisi shundaki, joriy yildan boshlab Jizzax viloyatida maktab­gacha taʼlim tizimi xodimlarining metodik mahoratini oshirish jara­yonlariga nodavlat MTT tarbiyachilari ham keng jalb etilmoqda.

– Ilgari asosan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari bilan ishlagan boʻlsak, endilikda joylarda sayyor kurslar tashkil etish orqali xususiy va oilaviy bogʻcha vakillarini ham qam­­rab olyapmiz, – deydi viloyat Pedagogik mahorat markazi direktori Ijod Ahmedov. – Shu kunga qadar Gʻallaorol, Baxmal va Sharof Rashidov tumanlarida 222 nafar tarbiyachi uchun oʻquvlar tashkil etildi. Ularga zamonaviy pedagogik texnologiya­lar bilan birga, bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olishning huquqiy asoslari, sohadagi jinoiy javobgarlik hamda bola bilan samarali ishlashning psixologik koʻnikmalari oʻrgatildi.

Darhaqiqat, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va mutasaddi idoralar tomonidan nazoratni kuchaytirish, videokuzatuv tizimini joriy qilish va muntazam tekshiruvlar oʻtkazish bilangina muammoni toʻliq hal etib boʻlmaydi. Buning uchun tarbiya­chilar uchun doimiy seminarlar, psixologlar ishtirokida mashgʻulotlar tashkil etish, ish sharoitlarini yaxshilash, guruhlardagi bolalar sonini meʼyorda saqlash hamda har bir muassasada bolalar va xodimlar bilan ishlaydigan shtatli psixolog faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarur. Muhimi, bolaga ehtiromga loyiq shaxs sifatida qarash koʻnikmasini shakllantirish kerak. Zero, bugun bogʻchada tarbiyalana­yotgan bola – ertangi jamiyatimizning fuqarosidir.

...Qadimda ota-ona­lar farzandini ustozga topshirayotib, «Eti sizniki, suyagi bizniki» 

deyishganida, bolani 

kaltaklash yoki xoʻr­lashni emas, balki uning 

kamoloti va tar­biyasi uchun butun masʼuliyatni ustozga ishonib topshirishni nazarda tutishgan. Bu ibora zamirida zulm emas, balki cheksiz ishonch va zahmatkash ustoz mehnatiga boʻlgan ehtirom mujassam boʻlgan. Niyatimiz – ayrim «tarbiyachilar»ning bugungi kundagi xatti-harakatlari bu muqaddas ishonchga soya solmasin.


Muqaddas SAPAROVA,

oʻz muxbirimiz.

Jizzax viloyati.