Daktiloskopiya — barmoq izlari orqali shaxsni aniqlash haqidagi fan hozirda turli sohalarda samarali qoʻllaniladi.
Uilyam Hershel XIX asrning oxirlarida Buyuk Britaniyaning Hindistondagi maʼmuriyatida xizmat qilardi. U maosh olish uchun keladigan askarlar soni yildan yilga koʻpayib borayotganligiga hayron boʻladi. Bu hodisaning tagiga hech yetolmasdi. Chunki yuz koʻrinishiga qarab hindlarni farqlay olmasdi. Mahalliy aholi vakillari esa bundan ustalik bilan foydalanishar — bir kuni oʻzlari oylik olishsa, ertasi kuni maosh olgani biror qarindoshini joʻnatishardi. Buning ustiga ularning aksariyati savodsiz edi.
Oxiri toqati toq boʻlgan Hershel ulardan roʻyxatdagi oʻz familiyasining toʻgʻrisiga va toʻlov qogʻoziga barmoq izlarini qoldirishni talab qildi. Sinchiklab qarasa, bir odamning barmoq izi boshqasinikiga oʻxshamas edi. Shundan soʻng anatomiya darsliklarini varaqlab, oʻzining kashfiyotini barmoqdagi papillyar chiziqlar yordamida asosladi.
