Aleksandr Makedonskiyning ustozlaridan biri Lampsak shahrilik notiq va tarixchi Anaksimen edi. U yosh shohga notiqlik sanʼatini oʻrgatgan, hatto shu maqsadda maxsus darslik ham yozgan edi.

Oradan yillar oʻtib, makedoniyalik Iskandarning qoʻshinlari Sharqqa yurish chogʻida Lampsak shahri yonida toʻxtadi. Ushbu shahar ahlini achinarli holat kutayotgan edi. Chunki yosh jahongir ularning forslarga yon bosishidan xabar topib, qattiq gʻazablangandi.

Hukmdorning qahridan qutilib qolish uchun shaharliklar uning huzuriga Anaksimenni elchi qilib yuborishdi. Aleksandr sobiq ustozi undan shahar ahlini afv etishini iltimos qilishini anglab Anaksimenga:

– Qasam ichamanki, bu safar sizning pandu nasihatingizga quloq solmayman va iltimosingizni bajarmayman! – dedi.

– Ey shohanshoh! – dedi shunda Anaksimen. – Sendan oʻtinib soʻrayman: lampsakliklarning xotinlari va bolalarini qul qilib sot, ularning shahrini vayron qil, ibodatxonalariga oʻt qoʻy! 

Makedoniyalik Iskandar qasamyodini buzmaslik uchun lashkarini shahardan uzoqqa boshlab ketdi. U Lampsakni talamadi, vayron qilmadi. Shahar ahli esa minnatdorlik ramzi sifatida donishmand notiq sharafiga uning haykalini oʻrnatishdi. 

Rus tilidan Bobomurod TOSNEV tarjimasi.