Bir necha kunlik chaqaloqni onasi Florida koʻchalaridagi axlat qutilaridan birida qoldirib ketdi. Mitti Freddini kasalxonaga olib ketishdi va 13 kun oʻtmay uni Kuinsi shahridagi bir oila asrab oldi. Natan va Betti Figgerslar bir qizi boʻlishiga qaramay, yangiliklarda tashlandiq bola haqida eshitib, uni farzand qilib olishga qaror qilishdi. 

13 yoshli Freddi ilk ishini kompyuterlarni taʼmirlaydigan korxonada boshladi. Oʻzining birinchi Figgers Computers kompaniyasiga esa 15 yoshida asos soldi. 17 yoshida maʼlumotlarni saqlash uchun serverlar va saytlarga buyurtma beruvchi 150 ta mijozga ega boʻldi.

Keyinchalik Freddi oʻz tuqqan onasini izlab topdi va uning uchiga chiqqan giyohvand ekanini koʻrib, boshqa koʻrishmaslikka ahd qildi. Qahramonimiz 20 yoshdan oʻtganida uning otasi Alʼsgeymer xastaligiga chalindi. Shunda Freddi aloqa funksiyasiga ega GPS-trekerni ishlab chiqdi va moslamani otasining poyabzaliga joylashtirdi. Shu yoʻl bilan u har doim otasining qaerda ekanini bilib olardi. Keyinchalik mazkur moslama demensiyaga uchragan koʻpgina odamlarga najot oʻrnida xizmat qildi. 

Freddi Figgers 25 yoshgacha 80 dan ziyod dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqib, beshta patent olishga erishdi. U kam taʼminlangan oiladan chiqqan talabalarga stipendiya taqdim etadigan hamda uysizlarga yordam koʻrsatib, tabiiy ofatlar chogʻida jabrlanganlarni qoʻllab-quvvatlaydigan xayriya jamgʻarmasini tashkil qildi. Shunday qilib, qachonlardir tashlab ketilgan goʻdak bugungi kunda muvaffaqiyatli biznesmenlardan biriga aylandi.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.