Eng birinchi piyodalar oʻtish joylari qadimgi Rimning Pompey shahrida bundan ikki ming yil oldin paydo boʻlgan. Arxeologlar tomonidan topilgan mazkur oʻtish joylari yoʻldan balandroq boʻlgan va yirik toshlardan terilgan. Natijada bu piyodalar yoʻldagi loy yoki suvga oyoq bosmay oʻtishiga xizmat qilgan, shu bilan birga, aravalar gʻildiraklarini toshlar orasidan oʻtkazishi kerakligi sababli tezlikni pasaytirishga majbur boʻlgan. Bu zamonaviy «zebra»ning ilk koʻrinishi edi.
Hozirgi koʻrinishdagi piyodalar oʻtish joyi tarixi insoniyatning yoʻllarni tartibga solish ehtiyojidan kelib chiqqan. Biz oʻrgangan oq-qora chiziqlar, yaʼni piyodalar oʻtish joyining «zebra» koʻrinishi 1950-yilda Angliyaning Slou shahrida joriy etilgan. U birinchi bor chorrahada qoʻllanilgan. Shundan soʻng, bu kabi piyodalar oʻtish joylari «koʻhna qitʼa»ning boshqa davlatlarida ham keng ommalasha borgan.
Oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab yoʻllarda piyodalar uchun maxsus svetoforlar oʻrnatilgan. 1970-yillarda esa yer osti va yer usti oʻtish yoʻlaklari qurila boshlandi. Hozirgi kunda piyodalar oʻtish joylarini barpo qilishda zamonaviy texnologiyalar qoʻllanilmoqda. Bu piyodalar xavfsizligini taʼminlash hamda ularning qulay harakatlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Feruz YOʻLDOSHOV,
oʻz muxbirimiz.
