2021-yildan buyonhar yili oktyabrʼ oyida ichki ishlar organlari faxriylari oʻrtasida "Faol faxriy xodim" koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Beshinchi koʻrik-tanlovga koʻrkam, soʻlim va turfa gullarga burkangan Namangan shahri bagʻrini ochdi.
Yoshlar markazida start olgan tadbirni vazirlik Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi general-mayor Erkin aka Norgitov kirish soʻzi bilan ochib, qatnashchilarga omad tiladi. Viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Faxriddin Rahmatov yoshlarga oʻrnak boʻlib kelayotgan faxriylarni "Keksalar haftaligi" bilan qutladi va ezgu istaklarini bayon etdi.
Shaxmat taxtasida bosh qotirish, yurtimiz buguni va tarixiga, xalqaro hayotga, ichki ishlar organlari faoliyatiga oid yozma test, ogʻzaki sinovning murakkab savollariga mukammal javob topish, faxriylar harakatidagi ishtiroki toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etish, ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirish, shaxsiy qiziqishlarini namoyon qilish borasida qizgʻin va murosasiz bahslar boʻlib oʻtdi.
Bir necha turdan iborat bellashuvning yakuniy natijalariga koʻra birinchi oʻrinni Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani IIB Faxriylar kengashi aʼzosi isteʼfodagi mayor Ilhomjon Tabarov, ikkinchi oʻrinni IIV Akademiyasi Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi polkovnik Davlet Yusubov, uchinni oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumani IIB Faxriylar kengashi aʼzosi isteʼfodagi mayor Quuatbay Elbayev egalladi.
Gʻoliblarga Vazirlikning pul mukofotlari, qimmatbaho sovgʻasi, Namangan viloyati IIBning esdalik sovgʻalari, faol ishtirokchilarga Namangan viloyati IIBning "Faol faxriy xodim" koʻkrak nishonlarini bayram dasturxoni yozilgan ulugʻvor koshonada IIV Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi general-mayor E.Norgitov, Vazirlik maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan jamlash departamenti boshligʻi oʻrinbosari polkovnik H.Maxsumov, Namangan viloyati IIB boshligʻi polkovnik Sh.Alievlar tantanali ravishda topshirishdi.
Tadbir goʻzal kuy-qoʻshiqlarga boy konsert dasturi bilan nihoyasiga yetdi.
Gʻayratjon Boltaboyev,
IIV FK raisi oʻrinbosari - Vazirlik JXD YHXX FK raisi, isteʼfodagi polkovnik.
