IIV huzuridagi JIED sohaviy xizmatlari oʻrtasida sportning mini-futbol turi boʻyicha “Departament kubogi” musobaqasi tashkil qilindi. Qizgʻin va murosasiz bahslar ostida oʻtgan musobaqa ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, jamoaviylik ruhi va irodasini namoyon etdi. Munosib oʻyin koʻrsatgan Tashkiliy boshqarma jamoasi gʻalaba qozonib, kubokni qoʻlga kiritdi. Raqibidan biroz ortda qolgan Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasi sportchilari 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi jamoasiga 3-oʻrin nasib etdi. Gʻolib va sovrindorlar diplom, medalʼ hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
– Musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrganimiz bizni ana shunday muvaffaqiyatga yetakladi, – dedi peshqadam jamoa sardori Elmurod Komiljonov. – Kelgusida ham bunday intilishlarimizni kuchaytirgan holda, yuqori marralarni zabt etishdan toʻxtamaymiz.
Departament boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Abduvohid Imyaminov gʻolib va sovrindorlarni tabriklab, bunday sport musobaqalari jamoalar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shahrizod ShOKIROV,
kapitan.
