Amerikalik Edit Mervey-Treyna dunyoning eng keksa pauerlifteri sifatida tan olinib, Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi.
Aslida, Edit avvalboshdan ogʻir atletikachi emas, raqs murabbiyi edi. 91 yoshida u yangi shogirdi Karmen Gutvortning taklifi bilan trenajyorlar zaliga bordi. «Avvaliga u yerda mashq bajarayotgan odamlarni shunchaki kuzatib oʻtirdim, keyin bir-ikkita shtangani koʻtarib koʻrishga ahd qildim. Shundan soʻng muntazam ravishda shugʻullanishni odat qildim va Karmen bilan bir jamoaga tushdim», deya hikoya qiladi u.
Tez orada Mervey-Treyna koʻpgina musobaqalarda ishtirok etib, sovrinlarni qoʻlga kirita boshladi. Rekordchi xonimning tan olishicha, soʻnggi bir necha yil ichida shu qadar koʻp mukofotga sazovor boʻlganki, hatto uyida ularni qoʻyishga joy qolmagan.
Edit hozirgacha sportning pauerlifting turi bilan shugʻullanib, turli musobaqalarda qatnashib kelmoqda va 18 dan 68 kilogrammgacha ogʻirlikni koʻtara oladi. Bir asrga teng umr koʻrgan va hamon tetik va bardam keksa sportchi mashgʻulotlarni toʻxtatish niyatida emas.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
