Yangi yil keng nishonlanadigan bayramlardan biri hisoblanadi. Har bir mamlakatda yangi yil oʻziga xos urf-odatlar, ramzlar va marosimlar bilan kutib olinadi.
Yevropa mamlakatlarida Yangi yil bayrami asosan 31 dekabrdan 1 yanvarga oʻtar kechasi nishonlanadi. Chunonchi, Fransiyada bu bayram oilaviy davra yoki yaqin doʻstlar bilan nishonlanadi. Parij shahrida Eyfel minorasi atrofidagi feyerverklar bayramga alohida shukuh bagʻishlaydi.
Germaniyada bayram kuni feyerverklar va pirotexnikadan foydalanish juda ommalashgan. Ayrim hududlarda esa eski yildan yangi yilga “sakrab oʻtish” anʼanasi bor, bu yangi yilga muvaffaqiyat bilan kirish ramzi sifatida qabul qilinadi.
Ispaniyada esa qiziq anʼana mavjud: soat 12 da har bir zarba bilan bir donadan uzum yeyiladi. Jami 12 ta uzum – yilning 12 oyi davomida omad boʻlishini anglatadi.
Osiyoda Yangi yilni nishonlash sanasi hamma joyda bir xil emas. Xitoyda Yangi yil oy taqvimi asosida nishonlanadi va u “Bahor bayrami” deb ataladi. Bu bayram bir necha kun, baʼzan ikki haftagacha davom etadi. Qizil rang, ajdar raqslari, feyerverklar va oilaviy yigʻinlar bayramning asosiy belgilaridir.
Yaponiyada Yangi yil eng muhim milliy bayram hisoblanadi. 31 dekabr kechasi buddaviy ibodatxonalarda qoʻngʻiroq 108 marta chalinib, insonning kamchiliklardan poklanish ramzini ifodalaydi. Yangi yilning birinchi kuni yaqinlar bilan uchrashish va ibodatxonalarga borish odat hisoblanadi.
AQShda Yangi yil ommaviy tadbirlar bilan nishonlanadi. Nʼyu-York shahridagi Tayms-skver maydonida minglab odamlar yigʻilib, mashhur “shar tushishi” marosimini tomosha qilishadi. Bu voqea televidenie orqali butun dunyoga jonli efirda namoyish etiladi.
Braziliyada Yangi yil, ayniqsa, okean sohillarida nishonlanadi. Rio-de-Janeyroda odamlar oq kiyimda sohilga chiqib, dengizga gullar tashlaydilar. Bu tinchlik, baxt va farovonlik tilash ramzi hisoblanadi.
Afrikada Yangi yilni kutib olish milliy urf-odatlar va zamonaviy anʼanalar uygʻunligida oʻtadi. Masalan, Keniyada bayram asosan oila davrasida va jamoaviy tarzda nishonlanadi. Nayrobi va boshqa yirik shaharlarda konsertlar, ochiq osmon ostidagi tadbirlar tashkil etiladi. Qishloq hududlarida esa anʼanaviy raqslar va qoʻshiqlar muhim oʻrin tutadi.
Misrda Yangi yilni nishonlash, ayniqsa Qohira va Iskandariya shaharlarida keng tarqalgan. Turistik hududlarda feyerverklar uyushtiriladi, mehmonxonalarda bayram dasturlari tashkil etiladi.
Avstraliya qitʼasida Yangi yil yoz fasliga toʻgʻri keladi. Sidney shahridagi opera teatri atrofida oʻtkaziladigan feyerverklar dunyodagi eng chiroyli bayram tomoshalaridan biri sifatida tan olingan.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV
tayyorladi.
