Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, har yili dunyoda 6 million kishi tamaki chekish tufayli eng ogʻir kasalliklarga chalinib, hayotdan koʻz yumadi. Bu – sigaret har olti soniyada bir odamning umriga zomin boʻlmoqda degani. Bugun dunyoda tamaki chekuvchilar soni 1,6 milliardga yaqinlashgan. Bu muammoga qarshi kurashishning eng samarali yoʻli sogʻlom hayot kechirishni tanlashdir.
Mutaxassislar fikricha, sogʻlom turmush tarzini yaratishda, avvalo tamaki mahsulotlari isteʼmoliga chek qoʻyish zarur. Undagi nikotin moddasi inson salomatligi uchun xavfli boʻlib, yurak, qon-tomir, nafas aʼzolari kasalliklarini keltirib chiqarishi, organizmda xavfli oʻsmalar paydo qilish ehtimoli kuchli. Ular orasida homilador ayollar, goʻdaklar, bolalar, oʻsmirlar va yoshlar hammadan koʻp jabr koʻrmoqda.
Mazur sana munosabati bilan mamlakatimizda ham «Tamakisiz sogʻlom hayot», «Biz sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz!», «Chekmasdan yoshlik gashtini sur» singari mavzularda tadbirlar, davra suhbatlari, matbuot anjumanlari oʻtkaziladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimi, 2017 yil mart oyidan boshlab, Oʻzbekistondagi jamoat joylarida tamaki mahsulotlari chekish taqiqlanishidan ogohlantiruvchi belgilarni joylashtirish tartibi joriy etilgan.
