Tarixdan tariqcha

Mashhur insonlarning hayot yoʻli va ular bilan bogʻliq voqealar har doim sirli va qiziqarli boʻlib kelgan. Alfred Nobel ana shunday tarixiy shaxslardan biridir.

Oʻzining dinamit ixtirosida ilk marotaba nitroglitserindan foydalangan Alfred Nobel (1833-1897) dunyoga tirik jonzotlarni bitta qoʻymay qiruvchi portlovchi moddalarni taqdim etgan olimdir.

Dastlab uning olamshumul ixtirosi oʻz ukasi Emil va bir necha ishchisini zavoddagi baxtsiz hodisa oqibatida hayotdan olib ketgan. Shundan keyingi dinamit qurbonlarining soni yuz mingdan ham oshib ketgan. Oxir-oqibat, olim shu darajada boyib ketganki, odamlarning eʼtiborini ayanchli oʻlimlarga sabab boʻlgan ixtirosidan chalgʻitish maqsadida ilm-fan sohasida muvaffaqiyatga erishgan olimlarga har yili oʻzining nomi bilan ataluvchi mukofot berilishini yoʻlga qoʻygan.

Nobelning bu qarorga kelishiga gazetada adashib bosilgan oʻzining oʻlimi haqidagi taʼziyanoma sabab boʻlgan. Oʻsha taʼziyanomada u "oʻlim savdogari" deya nomlangan edi.