Maqol

Qadimda Ayoz ismli oddiy bir choʻpon aqlligi va hozirjavobligi tufayli xon vaziri darajasiga koʻtariladi. U choʻponlikda kechirgan ogʻir kunlarini unutmaslik uchun chorigʻini hamma vaqt koʻzi tushib turadigan joyga – oʻz xonasining eshigi tepasiga osib qoʻygan ekan. Har gal chorigʻiga koʻzi tushganida oʻziga oʻzi: “Ayoz, koʻrgan kuning unutma, koʻn chorigʻing quritma!”, deb qoʻyarkan.

Bu maqolni yuqori martabaga mingach, oʻzining avvalgi holini unutgan, oʻzidan pastroq martabadagilarni (yoxud kambagʻallarni) mensimay qoʻygan kishilarga nisbatan aytadilar. Maqolda “koʻn chorigʻing quritma” deyilishiga sabab shundaki, oʻtmishda koʻndan (xom teridan) tikilgan choriq qovjirab, yorilib ketmasligi uchun vaqti-vaqti bilan moylab turilgan.

Ha, kecha kimligini unutganlar bugun topganlarining barisidan ayrilishi hech gap emas. Ertaga esa hech vaqosi qolmasligi ham mumkin. Asliyatdan uzoqlashmang, deganida, shularni nazarda tutgan boʻlsa ajabmas donolar.

Feruza RAHMONQULOVA tayyorladi.