Jelil Nalchakan

Dadam biroz kamgap va qattiqqoʻl inson. Masalan, biron marta ham onamning qoʻlidan tutib yurmagan yoki «seni yaxshi koʻraman, onasi» deganini eshitmaganman. Faqat bolaligimdan beri xotiramda qolgan bir jihati bor. Har doim uydan chiqayotganda dadam onamning poyabzali bogʻichini bogʻlab qoʻyardi. Koʻchadan qaytganda ham, xuddi shunday, egilib oyoq kiyimini yechishga koʻmaklashardi.

Oʻsmirlik yoshiga yetganimda bu holat menga gʻalati tuyula boshladi. Chunki togʻdek kelbatli insonga egilib, kimningdir poyabzalini kiydirish yarashmasdi, nazdimda. 

Tengdoshlarim ham piching qilib kulardi:

– Jelilning dadasini qara...

Bir kun bor jasoratimni toʻplab, undan soʻradim:

– Dada, nega bunday qilasiz? Onamning qoʻl-oyogʻi sogʻ boʻlsa, oʻzi ham poyabzalini kiya oladi-ku!

U menga maʼnoli qarab qoʻydi, soʻngra nim tabassum bilan:

– Oʻgʻlim, onangni menga shu oyoqlar keltirgan, – dedi.

Endi bu odam «yaxshi koʻraman» desa nima boʻladi? Demasa nima boʻladi?

Umrida bir marta ham «seni yaxshi koʻraman» soʻzini ishlatmay turib buni anglatish mumkinmi? Mumkinmish...

Turk tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.