Oʻquv seminarlarning birida 50 nafar kishiga baxtning siri nimada ekanligini anglash uchun tajriba oʻtkaziladi. Unga koʻra, har bir kishining qoʻliga shar berilib, unga oʻzining ismini yozish va havoga toʻldirish aytiladi.
Ishtirokchilar mazkur topshiriqni bajarganlaridan keyin, barcha sharlarni bir xonaga yigʻib, ularni aralashtirib yuboradi. Soʻngra esa, ularga 3 daqiqa davomida oʻzlarining ismi yozilgan sharni topishni buyurishadi. Shunda hamma shosha-pisha oʻz sharini izlagani sababli, ushbu xonada tartibsizlik yuzaga keladi va berilgan 3 daqiqa ichida juda kam sonli ishtirokchigina oʻz sharlarini topishga muvaffaq boʻlishadi.
Bu safar ham sharlar yana yigʻib olinib, endi hamma qoʻliga tushgan sharda kimning ismi yozilgan boʻlsa uni egasiga topshirish aytiladi. Buni qarangki, barcha ishtirokchilar bir-birlarining sharini topishga yordam bergani sababli, belgilangan vaqtdan oldin barcha oʻzining sharini topish baxtiga muyassar boʻladi.
Shunda seminarni boshqarayotgan trener “ana koʻrdingizmi, hayotda ham xuddi shunday, hamma oʻz baxtining qayerda ekanligini bilmasa ham jon-jahdi bilan izlashga tushadi. Bizlarning baxtimiz siri, boshqalarning baxtiga chambarchas bogʻliqdir. Insonlarga baxtni his etishga yoram bersangiz, siz ham uning evaziga oʻzingiznikini topasiz” deydi.
“Postda” muxbiri Azamat PIRNIYAZOV tayyorladi.
