Har qanday mashhur, isteʼdodli shaxslar kabi Motsartning bolaligi, yoshligi haqida ham koʻp hikoyatlar tarqalgan. Ularni oʻqirkanmiz, Volfgang Motsartning oʻziga xos tabiati, isteʼdodi haqidagi tasavvurlarimiz kengayadi.
Masalan, men…
Motsartning favqulodda isteʼdodga ega boʻlganligi maʼlum. U toʻrt yoshida klavishli cholgʻu asboblari uchun konsert – murakkab musiqa asari yozadi. Bunday asarni mahoratli va tajribali sanʼatkorlargina ijro etishi mumkin edi. Motsartning otasi hali yozib tugatilmagan notalarga qarab hayratga tushadi:
– Axir, bu kuylaring juda murakkab-ku, uni hech kim chala olmaydi!
– Qiziqmisiz, dada, – eʼtiroz bildiradi Volfgang, – Uni hatto yosh bolalar ham chala oladi-ku. Masalan, men…
Mushuk ketib qoladi
Motsartning butun bolaligi turli tadbirlardagi chiqishlar va musiqa mashgʻulotlari bilan oʻtgan. Yosh isteʼdod sohibi Yevropaning turli burchaklarida tashkil etilgan konsertlarda oqsuyaklarni hayratga solib yuradi: otasi Motsartning koʻzini roʻmolcha bilan yopib qoʻyar, u ana shu holatda ham kuy ijro etardi. Hatto cholgʻu asbobining klaviatura-tugmalarini ham roʻmolcha bilan yopib qoʻyishar, shunda ham bolakay oʻz ishini uddalay olardi.
Konsertlarning birida sahnaga toʻsatdan mushuk chiqib keladi. Yosh Motsart kuy chalishni toʻxtatib, mushuk tomon yugurib ketadi. Hamma narsani unutib, mushuk bilan ovora boʻladi. Otasining asabiy baqirigʻiga javoban esa shunday deydi:
– Cholgʻu asbobim hech qayoqqa ketmaydi, lekin mushuk ketib qolsa nima qilaman?!
Motsartcha iltifot
Yosh Motsart imperator saroyida chiqish qilgach, malika Mariya-Antuanetta unga oʻzining hashamatli saroyini koʻrsatmoqchi boʻladi. Zallarning birida parket polda yurolmagan Motsart sirpanib yiqilib tushadi. Malika uning turishiga yordamlashadi.
– Menga iltifot koʻrsatdingiz… – deydi yosh musiqachi, – sizga uylanishimga ruxsat bering.
Mariya-Antuanetta bu haqda onasiga aytadi.
Qirolicha hali yoshgina musiqachidan soʻraydi:
– Malika hazrati oliyalariga nima sababdan uylanmoqchisan?
– Minnatdorchilik yuzasidan, – javob beradi Motsart.
Gʻaroyib suhbat
Yetti yoshli Motsart Frankfurt-na-Mayneda konsert beradi. Tomosha tugagach, uning oldiga oʻn toʻrt yoshli bir bola keladi:
– Juda ajoyib chalar ekansan, menga hech qachon bunaqasini oʻrgatishmagan.
– Nahotki! – ajablananadi yosh Volfgang, – buning hech qanaqa qiyin joyi yoʻq. Nota yozib koʻrganmisan?… Kallangga keladigan kuylarni qogʻozga tushirganmisan?…
– Bilmadim… Mening kallamga faqat sheʼr keladi, xolos.
– Yoʻgʻ-ye! – battar hayratlanadi Motsart. – Sheʼr yozish juda qiyin deyishadi, shu toʻgʻrimi?
– Bekor gap, juda oson-ku. Bir urinib koʻrgin…
Motsartning suhbatdoshi yosh Gyote edi.
Akademikning istagi
Volfgang yetti yoshida birinchi simfoniyasini, oʻn ikki yoshida esa birinchi operasi “Basten va Bastena”ni yozadi. Bolon akademiyasida yigirma olti yoshga toʻlmagan kishi akademiklikka qabul qilinmas edi. Lekin Motsartday favqulodda iqtidor egasi uchun istisnoga yoʻl qoʻyiladi. U oʻn toʻrt yoshida Bolon akademiyasi akademigi boʻlib saylanadi.
Otasi uni qutlagan payt deydi:
– Dada, mana akademik ham boʻldim, endi yarim soat oʻynab kelishimga ruxsat berasizmi?
