Siz barmogʻingizga kirib qolgan tikonga qancha sabr qilasiz? Yoki tushlikda tanavvul qilgan goʻsht qoldigʻi tishlaringiz orasida qolib ketsa, qancha bezovta boʻlasiz? Buni qarangki, Aqshda boʻlib oʻtgan fuqarolik urushida ishtirok etgan Jeykob Miller peshonasida qolib ketgan oʻq bilan 30 yil yashagan ekan.
Bu xabarni eshitganlar uni eng chidamli askar naʼmunasidir, deya eʼtirof etishdi. Hatto peshonasiga tekkan oʻq ham uni yashashdan toʻxtata olmadi.
Peshonani yaralagan va boshga joylashib olgan qoʻrgʻoshin boʻlagi vaqt oʻtib joyidan siljishi va ogʻriq berishi mumkin edi. Shifokorlar buni aytishganida Jeykob boshida bundan juda xavotirlandi. Lekin vaqt oʻtishi bilan koʻnikib bordi.
U oʻz taqdiridan sira shikoyat qilmadi. Hatto shu oʻq sabab yaxshi nafaqa olishi bilan maqtanib yashadi.
Ota bobolarimiz «Qirq yil qirgʻin kelsa ham, ajali yetgan oʻladi», deb bejiz aytishmagan. Alloh taolo bergan umrni hatto oʻq ham toʻxtata olmaydi.
