Fillar Tailandda muqaddas jonivor, mamlakatning milliy timsoli hisoblanadi. Azaldan fillar mahalliy aholi, yaʼni taylar bilan yonma-yon yashagan. Ular tinchlik davrida ham, urush paytida ham odamlarning yaqin koʻmakchisi boʻlgan. To 1916-yilgacha davlat bayrogʻida oq filning surati aks etgan. Hozirda esa faqat Qirollik Harbiy-dengiz floti bayrogʻida saqlanib qolgan.
Qadim zamonlarda jang chogʻida fillarning koʻzi va qansharini himoya qilish uchun yuziga metall qalpoq kiydirilgan. Terisining qalinligi 4-7 sm boʻlganligi bois tanasining boshqa qismlari maxsus himoya vositasiga muhtoj boʻlmagan. Urush paytida faqat maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan eng qobiliyatli fillardangina jangchi sifatida foydalanilgan. Boshqa fillar esa harbiylarni, asbob-anjomlar va qurol-aslahalarni tashish vazifasini bajargan.
Ushbu jonivorlarni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Milliy institutning maʼlumotlariga koʻra, hozirda mamlakatda toʻrt mingga yaqin fil bor. Ularning yarmi yovvoyi tabiat qoʻynida yashaydi. Yildan-yilga ularning soni kamayib bormoqda. Sababi tabiat qoʻynida yashaydigan fillar koʻpincha koʻpayishni istashmayapti. Aftidan, ular oʻrmonlar va changalzorlar tobora qisqarib, tugʻilajak bolalari yashaydigan hududlar kamayib borayotganini his qilishyapti, chogʻi. Jonivorlarni koʻpaytirish maqsadida mamlakat shimolida maxsus qoʻriqxonalar barpo qilingan.
Fillarning haq-huquqlari ularni himoya qilish bilan shugʻullanuvchi markazning dasturlarida va mamlakat Konstitusiyasida davlat darajasida muhofaza qilinadi. Qonun hujjatlariga muvofiq, fillar mehnat faoliyatiga 14 yoshdan 60 yoshgacha jalb qilinishi mumkin. Ular tibbiy sugʻurta qilingan boʻlishi shart. Hatto fillar uchun moʻljallangan maxsus kasalxonalar mavjud. Fillar 60 yoshdan keyin pensiyaga chiqadilar va moddiy jihatdan toʻliq taʼminlanadilar. Faqat aksar jonivorlar pensiya yoshiga yetib borolmaydilar-da.
Bobomurod TOSNEV tayyorladi.
