...gʻam-gʻussa va dard-alam shunchaki oʻz shaxsiy haqiqatimga qarshi yashayotganim toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi signal ekanini tushundim. Bugun uning «Oʻzlikni anglash» deb nomlanishini bilaman.
...hali vaqti yetib kelmaganida va inson hali tayyor boʻlmaganida uni oʻz istaklarimni bajarishga majburlash, va ayniqsa, bu inson oʻzim boʻlsam, koʻngilni qattiq ranjitishini tushundim. Bugun men buni «Oʻzini hurmat qilish» deb atayman.
...boshqa hayotni orzu qilmay qoʻydim va shu ondayoq atrofimni qurshab olgan hayot menga oʻsish uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etayotganini koʻrdim. Bugun men bu holatni «Etuklik» deyman.
...har qanday vaziyatda toʻgʻri joyda va toʻgʻri vaqtda boʻlishimni, hammasi tamomila toʻgʻri onda yuz berishini angladim. Bu borada hamma vaqt xotirjam boʻlishim mumkin. Endilikda buni «Oʻziga ishonch» deb qabul qilaman.
...oʻz vaqtimni oʻgʻirlashni bas qildim va istiqboldagi katta loyihalar haqida orzu qilishni boshladim. Bugun faqat koʻnglimga va ruhimga quvonch baxsh etadigan, meni baxtli qilib, tabassum ulashadigan ishlarni amalga oshiraman. Men buni oʻzim istaganimdek va oʻz surʼatimda roʻyobga chiqaraman. Bugun uni «Oddiylik» deb atayman.
...salomatligimga zarar yetkazuvchi oziq-ovqat, insonlar, buyumlar va vaziyatlardan, meni «pastga» tortib, oʻz yoʻlimdan ogʻishga boshlovchi omillardan voz kechdim va buni «Oʻzimga boʻlgan muhabbat» deb nomladim.
...hamisha haq boʻlishni bas qildim va aynan oʻsha ondan tobora kamroq adasha boshladim. Bugun esa bu «Kamtarlik» ekanini tushundim.
...oʻtmish bilan yashashni va kelajak uchun xavotirlanishni bas qildim. Bugun men hozirgi on bilan yashayman va buni «Mamnunlik» deb atayman.
...aqlim baʼzan menga xalaqit qilishini, u sababli hatto xastalanishim mumkinligini anglab yetdim. Ammo aql-idrokimni qalbim bilan bogʻlaganim zahoti u mening qimmatli ittifoqchimga aylandi. Bugun men buni «Dono qalb zakovati» deb tushunaman.
Biz hech qachon oʻzimiz va boshqa insonlar bilan bahs boylashishdan, qarshilik koʻrsatishdan, muammolar yuzaga kelishidan choʻchimasligimiz, aksincha, toʻgʻri yoʻl orqali ularni bartaraf etishga harakat qilishimiz lozim. Chunki hatto yulduzlar ham bir-biri bilan toʻqnashadi va buning natijasida yangi olamlar yuzaga keladi. Bugun men buni «Hayot» deb atayman.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
