Ajabo
Chumoli – uyqu nima, tinim nima bilmaydigan mehnatkash jonzot. Uning insonlarga foydali jihati shundaki, koʻp xonali uya qilgani bois daraxtlar va oʻsimliklarning ildizlari atrofi birmuncha ochilib u yerga kislorod kirishi yaxshilanadi. Bu esa oʻsimliklar rivojiga ijobiy taʼsir qiladi.
Alloh taolo chumolilarga yegulik tashiydigan, uya quradigan va uyalarini himoya qiladigan, juda kuchli jagʻ ato qilgan. Agar insonning jagʻi chumolinikidek baquvvat boʻlganida tishlari bilan bemalol yuk mashinasini sudray olar edi. Chumolining oldingi jagʻlari bajaradigan ishlariga ixtisoslashgan. Barg kesuvchi chumolining oldingi jagʻlari qaychi kabi keskin qirrali; jangchi chumolilarni esa oʻtkir boʻlib, dushmanning boshini qimirlatmaydigan darajada kuchlidir. Baʼzilarining jagʻlari esa arraga yoki tegirmon toshiga oʻxshaydi.
Olimlar tadqiqot olib borishlaricha, chumoli oʻziga kerakli boʻlgan don va urugʻlarni yer ostiga toʻplab, jamgʻarganidan keyin uni ikkiga boʻlib qoʻyadi. Eng taajjublanarlisi shundaki, don va urugʻlik ikkiga boʻlib qoʻyilsa, har qancha yer unumdor boʻlmasin u oʻsib chiqmaydi. Lekin chumoli kashnich donini toʻrt boʻlakka boʻlganini koʻrgach, olimlar taajjubga tushishdi. Bu xususda kerakli tadqiqot olib borgach quyidagi narsani kashf qildilar. Kashnich doni agar ikkiga boʻlinsa ham oʻsib chiqaverar ekan. Lekin toʻrt boʻlakka boʻlinsa oʻsib chiqmas ekan.
Sarvar SOBIROV tayyorladi.
