Xalq bisotidan


Boʻrilar toʻdasining qari boshchisi oʻziga voris tayinlamoqchi boʻlibdi. U eng jasur va kuchli boʻrini yoniga chaqirib:

– Men ancha qarib qoldim, shuning uchun seni toʻdaning yangi yoʻlboshchisi etib eʼlon qilmoqchiman. Lekin avval bunga munosib ekaningni isbot qilishing kerak. Hozir eng yaxshi boʻrilarni saralab, ovga chiq va hamma uchun yemak topib kel, – debdi.

– Yaxshi, – rozilik bildiribdi yosh boʻri va 6 ta sherigi bilan yoʻlga chiqibdi.

Kun oʻtibdi, oqshom tushibdi va faqat yarim tunda uzoqdan oʻz oʻljalarini sudrab kelayotgan 7 ta boʻri koʻrinibdi. Hammasi sogʻ-omon va mamnun holda edi.

– Xoʻsh, ov qalay kechdi? – soʻrabdi keksa yoʻlboshchi.

– E, bilasizmi, juda oson boʻldi. Oʻlja izlab yurganimizda, ovlangan hayvon va parrandalarni orqalab qaytayotgan 10 ta ovchini koʻrib qoldik. Biz ularga tashlanib, burda-burda qildik, oʻljalarini esa osongina oʻzlashtirdik.

– Barakalla. Ertaga yana ovga borasizlar...

Keyingi kun 6 ta boʻri va yangi yoʻlboshchi yana yoʻlga otlanishdi. Na kun boʻyi, na oqshom mahali, na tunda ulardan darak boʻlmadi. Faqat ertasi kuni ufq manzarasida holdan toygan va qonga belangan bir boʻri oyoqlarini arang sudragancha choʻloqlanib kelardi. Bu yosh toʻdaboshi edi.

– Nima boʻldi? – soʻrabdi qari boʻri.

– Biz oʻrmon ichkarisiga ancha kirib, rosa oʻlja qidirdik. Shunda ovdan qaytayotgan uchta ovchiga duch keldik. Yettovlon ularga tashlandik, biroq bu safar ovchilarning qoʻli baland keldi. Ular barcha sheriklarimni halok qilishdi, men esa arang jon saqlab, qutulib qoldim.

– Qanaqasiga? – hayron boʻlibdi sobiq toʻdaboshi. – Oʻtgan kuni osonlikcha 10 ta ovchiga bas kelgan edingiz, bugun uchtasiga kuchingiz yetmadimi?

– Ha, lekin oʻtgan safar raqiblarimiz shunchaki 10 ta ovchi edi, bugungi uchchovi esa oʻta qalin doʻst ekan!

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.