Soʻnggi yillarda dunyo endokrinologlari xavotir bilan tilga olayotgan global muammolar soni yana bittaga koʻpaydi. Bu – bolalarda uchrayotgan semizlik. 

Yaqin kunlarda UNICEF tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra,  jahon boʻyicha ilk bor ortiqcha vaznga ega bolalar soni kam vaznli oʻgʻil-qizlar miqdoridan oshib ketgan. Tadqiqotchilar buni nosogʻlom ovqatlanish rasioni, yaʼni arzon va yuqori kaloriyali mahsulotlar isteʼmoli ommalashgani bilan bogʻlamoqda.  

Xususan, dunyoda 5 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan har besh bola va oʻsmirdan biri, boshqacha aytganda, 391 million nafar oʻgʻil-qiz ortiqcha vaznga ega. Ularning bir qismi semizlikdan aziyat chekmoqda.

UNICEF hisoboti 190 dan ortiq mamlakatda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalariga asoslangan. Maʼlumotlarga koʻra, 2000 yildan beri yuqorida qayd etilgan yosh toifasiga mansub bolalar oʻrtasida semirish darajasi 3 foizdan 9,4 foizga oshgan.

 Shu bois mutaxassislar, transyogʻlarga toʻyingan “fast-fud”lar, shirinliklar, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, gazli va rangli ichimliklar oʻrniga koʻproq tabiiy mahsulotlar, meva-sabzavotlar isteʼmol qilish orqali muammoga samarali yechim topish mumkin, degan xulosada. 

 Qolaversa, boʻsh vaqtini televizor, kompʼyuter qarshisida yoki har xil gadjetlarda oʻtkazadigan oʻgʻil-qizlar safi kengayayotgani muammoning yana bir xavotirli omilidir.