1. Bu mamlakat oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi boʻyicha dunyoda eng uzun koʻrsatkichlardan biriga ega boʻlib, nemis ayollari oʻrtacha 83 yil, erkaklari esa 78 yil yashaydi. 

2. Berlin oʻz hududida istiqomat qiladigan turkiy millat vakillari soni boʻyicha jahonda ikkinchi oʻrinda turadi. Birinchi oʻrin Ankaraga tegishli. 

3. Mazkur davlatda suvni qaynatmagan va qoʻshimcha filʼtrdan oʻtkazmagan holda suv joʻmraklarining oʻzidan ichish mumkin. Buning sogʻliqqa hech qanday xavfi yoʻq. Germaniya ichimlik suvining sifati hozirda dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biriga ega.  

4. Ushbu mamlakatda velosiped haydovchilari, velosiped yoʻlaklari va svetoforlar juda koʻp. 80 million nafar nemisga 60 milliondan ziyod velosiped toʻgʻri keladi. 

5. Germaniya dunyo boʻyicha yoz vaqtiga oʻtgan birinchi mamlakatdir. Bu hodisa 1916-yilda yuz bergan boʻlib, urush paytida koʻmirni tejash maqsadida amalga oshirilgan.

6. Germaniyada qamoqxonadan qochish qonun bilan jazolanmaydi. Chunki 1880 yildayoq sud tomonidan bu harakat insonning asosiy instinktlaridan biri – ozodlikka intilish bilan oʻzini oqlashi qayd etilgan.

7. Nemis avtobanlari Yevropadagi tezlik cheklanmagan yagona yoʻl tarmogʻi hisoblanadi. 

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.