Erta bahorda qora tuproqdan unib chiqqan gul boshini koʻtarib atrofga zavq bilan boqdi.
– Bu dunyo qanchalar goʻzal! Havo naqadar musaffo!
– Hech-da. Millionlab yillardan buyon bir xillik, – xoʻrsindi harsang tosh. – Zerikkaningdan tars yorilay deysan.
***
Agar muzxonangda yegulik, javoningda toza kiyiming, uxlash uchun toʻshaging va boshing ustida toming boʻlsa, demak dunyodagi 30% odamdan badavlatsan.
Hamyoningda puling boʻlib, istagan davlatga sayohatga bora olsang dunyodagi 18% boy odamlardan birisan.
Shu soʻzlarni oʻqib, chindan ham chuqur anglab yetgan boʻlsang, demak eshitmaydigan, tushunmaydigan va ongi yetmaydigan 3 milliard insondan koʻra omadlisan.
Hayot shikoyat qilish uchun emas, baxtli boʻlish uchun sabablar topmoqdir.
***
Umri davomida yolgʻizlikdan boshqa narsaga erishmagan xudbin insonning vasiyati: «Hech qachon men kabi faqat «men» demang».
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
