Ilm-fan, texnika sohasidagi kashfiyotlar, sanʼat sohasidagi yutuqlar uchun olimlar, ijodkorlar turli mukofotlar bilan taqdirlanishini hammamiz yaxshi bilamiz. Ayniqsa, Nobel mukofoti haqida eshitmagan odamni topish mushkul. Uning aksi, parodiyasi sifatida taʼsis etilgan Shnobel (Ignobel, Antinobel) mukofoti haqida ham eshitganmisiz? Bu mukofot avval kuldirib, keyin oʻylatadigan kashfiyot qilganlarga beriladi. Bunday kashfiyotlar qanchalik sinchkovlikni talab etmasin, deyarli hech qanday amaliy ahamiyatga ega boʻlmaydi.

Shnobel mukofoti ham xuddi Nobel mukofoti singari har yili oktyabr oyining boshlarida topshiriladi. Ularni egalariga Nobel mukofoti sohiblari topshiradi.

Turli yillarda Shnobel mukofoti quyidagi kashfiyotlar uchun berilgan edi:

– 2002 yilda avstraliyalik olimga insonning kindigida kir toʻplanishi sabablariga va uning tarkibiga bagʻishlangan kitobi uchun, nemis olimiga esa pivo koʻpigi yoʻq boʻlishi qonuniyatini matematik yoʻl bilan tadqiq qilgani uchun;

– 2005 yilda kimyogarlarga insonning sharbat (qiyom)da suzish tezligini ilmiy usulda aniqlaganliklari uchun;

– 2006 yilda kaliforniyalik tadqiqotchilarga qizilishtonning boshi ogʻrimasligini isbotlaganliklari uchun;

– 2007 yilda Garvard va Santyago universitetlarining bir guruh olimlarga gʻijimlangan choyshablarning chiziqlari inson yoki hayvon terisidagi chiziqlarga oʻxshashligini aniqlaganliklari uchun;

– 2008 yilda amerikalik fiziklarga sochlar yoki arqonlar ehtiyotsizlik bilan bir uyum qilib qoʻyilsa, ular tugun boʻlib qolishini matematik yoʻl bilan isbotlaganliklari uchun;

– 2010 yilda amerikalik tadqiqotchilarga agar laboratoriyada mikroblar mavjud boʻlsa, ular laboratoriyadagi aynan soqolli olimlarga yopishishini aniqlaganliklari uchun.

 – 2021 yilda esa Itan Beseris, Devid Kerriyer va S. Neylveyga bosh bilan urilganda aynan soqol jagʻ sinishi xavfini kamaytirishni isbotlagani uchun.

 Eng qizigʻi, oʻtgan yili Xishashi Murakami, Klaudio Filitsiani, Yuta Nishiama, Katsuxiro Nishirami boshqalarning tezligini notoʻgʻri hisobga olgani yoki chalgʻigani sababli baʼzan piyodalar bir-biri bilan toʻqnashib ketishini isbotlagani uchun ushbu mukofotni “qoʻlga kiritdi”. Alessandro Korbetta, Jasper Miusen, Chan-min Li, Roberto Benzi, Federiko Toshi esa nega aynan piyodalar bir-biri bilan tez-tez toʻqnashib ketmasligini tajriba yoʻli bilan tadqiq qilgani uchun mazkur mukofotga “munosib” deb topildilar.

Har yili yolgʻondakam koʻzoynak, yasama burun taqqan, popukli qalpoq kiygan haqiqiy Nobel mukofoti sohiblari Shnobel mukofotlarini egalariga topshirish uchun Garvarddagi Sanders teatriga tashrif buyuradi. Teatrning 1166 oʻringa moʻljallangan muhtasham zalida qogʻozdan yasalgan samolyotlar uchib yuradi. Laureatlarga soʻzlash uchun 60 soniya vaqt beriladi. Ularning maʼruzasi belgilangan vaqtdan choʻzilib ketsa, sakkiz yoshli qizaloq: «Iltimos, tugating, zerikib ketdim!» – deydi injiqlik bilan.

Shnobel mukofoti sohiblariga zar qogʻozdan yasalgan medal yoki shunga oʻxshash biror kulgili esdalik sovgʻasi, shuningdek, uning mukofotlanganini tasdiqlovchi, uch nafar Nobel mukofoti sohibi tomonidan imzolangan sertifikat topshiriladi. Mukofotlash marosimi AQSH televideniyesi va radiosi tomonidan bir necha tilda efirga uzatiladi. Mukofotlash marosimi oʻtgach, bir necha kundan soʻng Maccachycetc texnologiya institutida Shnobel mukofoti laureatlari norasmiy ravishda maʼruza oʻqiydi. Ular maʼruza chogʻida oʻz tadqiqotlarining mohiyati va ahamiyatini tushuntirishlari mumkin.

 

Internet materiallari asosida

Bobomurod TOSHEV tayyorladi.