Avvalo “Poliglot” soʻzi qanday maʼnoni anglatishiga izoh berib oʻtsak. Poliglot atamasi koʻp tillarni mukammal biladigan va shu tillarda bemalol gaplasha oluvchi insonlarga nisbatan aytiladi.

Tarixdagi birinchi va taniqli poliglot Ponti shohi Mitridat VI Eupator boʻlgan. U koʻp millatli qoʻshini bilan uzoq muddat Rim imperiyasiga qarshi kurash olib borgan. Maʼlumotlarga koʻra, Mitridat 22 tilni bilgan va oʻz ayonlari bilan turli tillarda suhbatlashgan. Shuning uchun ham parallel matnlarning bir qator tillarda nashr etilishi “mitridat” deb nomlanadi.

Eng mashhur ayol poliglot Misr malikasi Kleopatra ekanini koʻpchilik bilmasa kerak. Solnomachilar qayd etishicha, uning ovozi inson qalbiga xush yoqqan, tili esa har qanday ohang va shevaga moslasha olgan. U efiopiyaliklar, trogloditlar, yahudiylar, arablar, suriyaliklar, midiyaliklar va parfiyaliklar bilan tarjimonsiz ham gaplashaolgan. Maʼlum boʻlishicha, podshohlar Kleopatragacha misr tilini ham bilishmagan. Kleopatra oʻntagacha tilni yaxshi bilgan.

Kardinal darajasiga koʻtarilgan kambagʻal duradgorning oʻgʻli Juzeppe Gasparo Metsofanti ham mashhur poliglotlar qatoriga qoʻshsa boʻladi. Maʼlumotlarga koʻra, u yuzga yaqin tilni bilgan. Ulardan oʻttiztasini mukammal bilishi haqida faktlar mavjud. U asosan Yevropa tillaridan tashqari qadimgi yahudiy, arab, turk, fors, xitoy va boshqa tillarni ham yaxshi bilgan hamda bir tildan boshqa tilga bemalol oʻta olgan. Masalan, u taniqli yozuvchilar A.Suvorov va Gogol bilan uchrashganida rus tilida suhbatlashgan.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, jahon madaniyatiga katta hissa qoʻshgan Markaziy Osiyolik mashhur faylasuf, qomusiy olim Forobiy ham 70 dan ortiq tilni bilgan.

Mirzoqul AHADOV tayyorladi.