Xalq bisotidan
Bir kuni badavlat ota oʻzlarining qanchalik yaxshi yashashini oʻgʻliga isbotlash uchun uni qishloqqa olib borishga qaror qilibdi. Bu bilan u odamlarning naqadar kambagʻallikda hayot kechirishini koʻrsatmoqchi boʻlibdi.
Ular qishloqda bir kechayu bir kunduz qolishibdi. Uylariga qaytgach esa, ota oʻgʻlidan soʻrabdi:
– Safarimiz qalay, senga yoqdimi? Koʻrdingmi, odamlar qanchalik qashshoqlikda yashaydi?
– Ha, koʻrdim.
– Safar davomida nimalarni oʻrganding?
– Men uyimizda atigi bitta it borligini, ularning hududida esa koʻplab itlar yugurib yurganini, hovlimiz yaqinida bitta basseyn boʻlsa, ularning atrofida chek-chegarasiz koʻrfaz borligini koʻrdim. Biz bogʻimizni bir qancha chiroqlar bilan yoritsak, ularning boshi uzra tuni bilan yulduzlar nur sochib turarkan. Bizning orqa hovlimizda butasimon manzarali oʻsimliklar koʻp boʻlsa, ularning bepoyon oʻrmonlari va ufq chizigʻigacha tortilgan yam-yashil maysazorlari bor ekan.
Bu gaplardan soʻng ota lom-mim deya olmay qolibdi. Oʻgʻil astagina qoʻshimcha qilibdi:
– Rahmat, dadajon, oʻzimni naqadar kambagʻal yashashimni his etishga yordam berganingiz uchun.
Rus tilidan
Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
