(29 avgustdan 4 sentyabrgacha)

Qoʻy. Hafta siz uchun biroz dilxiralik bilan boshlanishi mumkin. Koʻnglingizni ravshan qilish uchun koʻproq ish bilan mashgʻul boʻling. Ijod sohiblari uchun bu hafta juda barakali boʻladi. Payshanbada siz uchun mehr-muhabbat munosabatlari ijobiy koʻrinish oladi.

Buzoq. Mazkur haftada dardingizni hech kimga aytmang. Yaqin doʻstlaringiz ham sizni notoʻgʻri tushunishadi. Biror masʼuliyatli ishga intilmang. Bu ishda sizga pand berishlari mumkin. Xizmat safarlariga chiqish ham tavsiya etilmaydi. Dam olish kunlarini faqat oila davrasida oʻtkazing.

Egizaklar. Kelayotgan haftada hayotingiz yaxshi tomonga oʻzgaradi. Iqtisodiy jihatdan ragʻbatga ega boʻlasiz. Qoʻshnilar bilan boʻladigan muammolarni asabiylashmasdan hal qiling. Yakshanba kuni bolalikdagi doʻstlaringiz bilan miriqib dam olib, ulfatchilik qilasiz.

Qisqichbaqa. Ushbu hafta xizmat borasidagi uchrashuvlarga boy boʻladi. Seshanba kuni doʻstlar uchun harajat qilishga toʻgʻri keladi. Biroq bundan oldin hamma narsani hisobga oling, negaki «hisobli doʻst ayrilmas» deganlar. Shanba kuni muhim yangilikdan voqif boʻlasiz.

Arslon. Mazkur haftada sizga nisbatan fisqu fasod, tuhmatlar uyushtirilishi ehtimoli bor. Shuning uchun juda ehtiyot boʻling. Muvozanatni saqlay bilsangiz, barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtasiz. Shanba kuni sogʻligʻingiz sizni biroz bezovta qiladi.

Parizod. Hafta davomida siz hammaning eʼtiborida boʻlasiz. Barcha sizga havas qiladi: ish joyida lavozim koʻtarilishi, iqtisodiy rejalar amalga oshishi katta yutuqlar kutmoqda. Xullas, omad sizga hamroh boʻladi. Dam olish kunlari yaqin qarindoshlaringiz bilan koʻrishasiz. 

Tarozi. Haftani aʼlo darajada oʻtkazmoqchi boʻlsangiz, koʻproq oila davrasida boʻling. Chorshanba kungi yangi tanishuv sizga manzur boʻladi. Bu tanishuv hayotingizni oʻzgartirib yuborishi mumkin. Dam olish kunlarini ijodga bagʻishlang.

Chayon. Haftaning dastlabki kuni siz uchun ogʻirroq kelishi ehtimoli bor. Shu kuni moliyaviy rejalar tuzishga ehtiyotkorlik bilan yondashing. Biroq seshanbadan hammasi izga tushib ketadi. Juma kuni oila tashvishlari sizni biroz qiynab qoʻyishi mumkin. Yakshanbada doʻstlaringiz ziyofatga chorlashadi. 

Oʻqotar. Dushanba kuni dilingizni ranjitadigan hodisa yuz berishi mumkin. Xavotirlanmang, bu shunchaki tushunmovchilik natijasida roʻy beradi. Uni qay tarzda bartaraf etish faqat oʻzingizga bogʻliq. Chorshanbada sogʻligʻingiz sizni tashvishga solishi mumkin. Haftaning ikkinchi yarmida koʻproq roʻzgʻor tashvishlari bilan band boʻlasiz.

Togʻ echkisi. Kelayotgan haftada oldindan rejalashtirgan savdo sohasidagi ishingizga chek qoʻying, chunki foydasi boʻlmaydi. Hamkorlaringiz maslahatiga quloq tuta koʻrmang. Aldanib qolish ehtimoli yuqori. Lekin ruhingizni tushirmang. Hafta oxiriga kelib hammasi oʻz iziga tushib ketadi.

Qovgʻa. Haftaning birinchi yarmi siz uchun juda mazmunli oʻtadi. Hamma ishlar faqat sizning foydangizga hal boʻladi. Payshanbada atrofdagilar bilan kamroq suhbatda boʻling. Chunki shu kuni biror koʻngilsizlik chiqishi ehtimoli bor. Yakshanba siz uchun yangiliklarga boy boʻladi. 

Baliq. Dushanba kuni sogʻliqqa eʼtibor berishingizga toʻgʻri keladi. Chorshanbada kutilmagan yangilik eshitasiz. Bu yangilik sizning iqtisodiy ahvolingizni yaxshilash uchun xizmat qiladi. Juma kuni yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etishga erishasiz.