(19 sentyabrdan 25 sentyabrgacha)
Qoʻy. Kelayotgan haftada nafaqat hasadgoʻylar, balki ishxonangizdagi rahbarlar ham sizga yomon koʻz bilan qaray boshlashi mumkin. Bunga qisman oʻzingiz sababchi boʻlasiz. Bu kabi vaziyatning oldini olish uchun duch kelganga muvaffaqiyatlaringiz haqida gapirib, maqtanavermang. Shaxsiy hayotda muammolar yuzaga kelmaydi. Yaqinlaringiz, oila aʼzolaringiz bilan munosabatlar aʼlo darajada kechadi.
Buzoq. Haftangiz turli voqea va hodisalarga boy oʻtadi. Pul, muhabbat va xotirjamlik sari intilib, harakat qilishda davom etsangiz, albatta barcha maqsad va niyatlaringizga erishasiz. Imkon qadar yaxshi tanimaydigan, bilmaydigan odamlar bilan muloqot qilmang. Shunday vaziyat yuzaga kelganda ham tilingizga ehtiyot boʻling. Spirtli ichimlik isteʼmolidan tiyiling.
Egizaklar. Bu hafta taqdiringizda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilishi mumkin. Asosiysi, iloji boricha kayfiyatingizni tushirmaslikka, arzimas narsalar uchun asabiylashmaslikka harakat qiling. Salbiy kayfiyat, ayniqsa, ishingiz, mavqeingiz bilan bogʻliq muammolarni hal etishda ziyon yetkazishi mumkin. Tadbirkorlar uchun moliyaviy masalalar osonlik bilan hal etiladi.
Qisqichbaqa. Haftani aʼlo kayfiyat bilan boshlaysiz. Ish, shaxsiy hayot bilan bogʻliq siz olgan qarorlar oʻz samarasini berib, atrofdagilar qarshisida obroʻ va hurmatingiz yana bir pogʻona koʻtarilishi mumkin. Buning uchun har jabhada oʻz ustida ishlash yordam beradi.
Arslon. Bu davrda kayfiyatingiz koʻtarinki kechishi kutilmoqda. Qanday ishga qoʻl urmang, albatta, baroridan keladi. Ushbu hafta davomida amalga oshirilgan saʼy-harakatlar kelajak rejalarini puxtalab olishda asqotadi. Ruhan tetiklik sizni hafta davomida tark etmaydi. Hafta soʻngida esa yoqimli xabar eshitishingiz yoki kimdir sizga qoʻshimcha daromad keltiruvchi ish taklif etishi mumkin.
Parizod. Ayni dam hayotingizda unumli va jadal rivojlanish jarayoni ketmoqda. Eski qarashlarni oʻtmishda qoldiring. Boshqaruvni qoʻlingizga olib, harakatga keching, sizdan foydalanishlariga aslo yoʻl qoʻymang. Tanqidni xolislik bilan qabul qiling, yoʻl-yoʻlakay xatolarni tuzatib ketishga oʻrganing. Birlikda natijali ishlarni amalga oshirish uchun yaqinlaringiz bilan kelishib qaror qabul qilishga odatlaning.
Tarozi. Koʻproq izlanishda boʻling, imkon qadar takomillashish va rivojlanish sari olgʻa qadam tashlang. Hamkasblar orasidan munosib doʻstlarni topishga intiling, shunda ishdagi koʻpgina masalalarning hal etilishi muvaffaqiyatli kechadi. Bu hafta qarz olmaslikka, borlarini esa qaytarishga harakat qiling. Dam olish kunlarini oila davrasida oʻtkazing.
Chayon. Bu hafta ikkilanish, ishonchsizlik hissi sizni biroz qiynab, bu ishda ham, shaxsiy hayotda ham faqat toʻsiqlar yaratishi mumkin. Shuning uchun bunga yoʻl qoʻymang, oʻzingizga ishongan holda tavakkalchilik bilan asosiy yumushlarni ado etishga kirishing va maqsadga erishing. Endigina ish faoliyatini boshlaganlar uchun bu davr muvaffaqiyatli kechadi.
Oʻqotar. Atrof muhit bilan jisman va ruhan uygʻunlik – yaxshi kayfiyat garovi. Bu haftani yangi ishlarni rejalashtirish uchun sarflang. Imkoniyatlaringizdan kelib chiqib, muhtojlarga xayr-ehson qiling, hamdardlik va marhamat koʻrsating. Bu sizni shaxs sifatida yuksaltiradi. Ish faoliyatingiz bilan hotirjam shugʻullaning, oila oʻchogʻidagi alangani maromida ushlab turing.
Togʻ echkisi. Doʻstlar va yaqin insonlarning talablariga quloq tutib, ruhiy kechinmalarni tushunishni oʻrganing. Agar chetdan bildirilgan tanbehlarga amal qilsangiz, omad va muvaffaqiyat siz tarafda boʻlishi tayin. Boshi berk koʻchaga kirib qolmaslik uchun shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymang, hafta davomida mojarolar, kelishmovchiliklar va bahs boylashlardan yiroq turing.
Qovgʻa. Oʻz ustida ishlash, tajriba orttirish uchun qulay davr. Ijod, yaratish va barpo qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar bu haftada ijobiy natija beradi. Kasbiy sohada takomillashishni istasangiz yangi narsalarni oʻrgatishi mumkin boʻlgan insonlar bilan muloqot qilish hamda rivojlanishga toʻsqinlik qilayotgan va orqaga tortayotganlar bilan munosabatni uzish tavsiya etiladi.
Baliq. Mazkur hafta xayrli va yoqimli kechadi. Anchadan beri miyangizda aylanib yurgan rejalaringiz aynan shu davrda haqiqatga aylanadi. Bu kimlargadir yoqmasligi mumkin, lekin aslo eʼtibor qaratmang, kayfiyat va shijoatni eng yuqori darajada ushlab, oʻz ustingizda ishlashda davom eting.
