(9 yanvardan 15 yanvargacha)

Qoʻy. Dastlabki uch kun biroz ogʻir kechadi. Oʻzaro tushunmovchilik va murosaga kelmaslik atrofdagilar bilan munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Haftaning ikkinchi yarmida kayfiyatingiz koʻtarilib, qoʻl urgan ishlaringiz oson va yengil hal boʻla boshlaydi. Dam olish kunlarini oilangiz davrasida oʻtkazing yoki yoshi ulugʻlarni yoʻqlab boring.

Buzoq. Hafta boshi faol va qatʼiy harakatlarni talab etadi. Yangi tanishuvlar nafaqat foyda olib keluvchi aloqalarni oʻrnatish, balki ajoyib insonlar bilan tanishish imkoniyatini beradi. Ishbilarmon odamlar uchun bu hafta omadli keladi. Hamkasblar bilan munosabatlar mustahkamlanadi, lekin oilaga yanada koʻproq eʼtibor qaratish talab etiladi.

Egizaklar. Dushanba va seshanba kunlari moliyaviy ahvolingiz yaxshilanib, shu kunlarda sarmoyali takliflar olishingiz mumkin. Qishning soʻnggi kunlari faol harakatlar davri boʻlib, kelgusi muvaffaqiyatlarga erishish va faoliyatda yordam beruvchi foydali aloqalarni oʻrnatish uchun yaxshi imkoniyatdir. Hafta soʻngida barcha uchrashuvlarni bekor qilib, vaqtni uy sharoitida, huzur va halovatda oʻtkazgan maʼqul. 

Qisqichbaqa. Haftaning ilk kunlari ishda yutuqlarga erishishni vaʼda qiladi, ayni shu davrda hatto bajarilishi eng qiyin boʻlgan vazifalarni ham hech ikkilanmay amalga oshirish tavsiya etiladi. Hayotda oʻz juftini topmaganlarni bu haftada istiqbolli tanishuvlar, oila qurganlarni esa munosabatlarning yanada mustahkamlanishi kutmoqda. Haftaning ikkinchi yarmi yangi gʻoyalarni roʻyobga chiqarish, sarmoya tikish va yirik xaridlar qilish uchun qulaydir.    

Arslon. Qishning soʻnggi oyidagi bu davr oʻta omadli boʻlib, keskin oʻzgarishlar va kutilmagan yoqimli voqealar ham kuzatilishi mumkin. Ushbu hafta davomida har qanday tashabbus ijobiy natijalar berishi kutilmoqda. Vaqtni toʻgʻri taqsimlash natijasida koʻpgina muhim vazifalarning uddasidan chiqishga muvaffaq boʻlasiz. Ishdan holi kunlari xaridlar yoki har qanday moliyaviy harakatlarni amalga oshirishingiz mumkin.

Parizod. Koʻpdan beri oʻz yechimini topa olmayotgan masalalar aynan shu kunlarda hal boʻlishi mumkin. Koʻzlangan maqsadga erishish uchun yanada faol harakat qilishingizga toʻgʻri keladi. Shuningdek, bu hafta salomatligingizga jiddiy eʼtibor qaratishni, barcha yumushlarni toʻgʻri taqsimlab, vaqtida dam olishni unutmang. Yakshanba kuni imkon qadar oila davrasida hordiq oling.

Tarozi. Hafta boshi ogʻir va muammoli kechadi. Bu kunlarda beparvolik tufayli xatoga yoʻl qoʻyishingiz, atrofdagilar bilan ziddiyatli vaziyatlar yuzaga kelishi, ish samaradorligi pasayishi mumkin. Har qanday janjal va tortishuvlardan uzoq turib, imkon qadar rahbariyat va hamkasblar bilan nizoga bormaslikka harakat qiling. Haftaning soʻng kunlarini oilangizga bagʻishlab, sokinlikda oʻtkazing.

Chayon. Bu davrda rejalashtirilgan barcha yumushlar koʻngildagidek amalga oshadi. Seshanba va chorshanba eng samarali va omadli kunlar hisoblanib, bu foydali va istiqbolli ishlarning uddasidan chiqish uchun yaxshi imkoniyatdir. Tashabbuskorlik va ishdagi faollik barcha moliyaviy masalalarning muvaffaqiyatli hal etilishiga xizmat qiladi.

Oʻqotar. Hafta boshida atrofdagilar bilan xushmuomala boʻlishga, ular bilan zinhor bahslashmaslikka harakat qiling. Bu davrda oilaviy masalalarni hal etish uchun yaxshi imkoniyat tugʻiladi. Seshanba va chorshanbani yangi ishlarni rejalashtirish, tashabbuslarni amalga oshirish uchun sarflang.

Togʻ echkisi. Shu haftada oʻrnatilgan munosabatlar muvaffaqiyatli va yuqori darajada kechadi. Ammo yangi ishlarga kirishish uchun bu davr toʻgʻri kelmaydi. Moliyaviy masalalarda tejamkor boʻling, chunki belgilangan maqsadlarga erishish uchun pul jamgʻarish zarur. Rejalaringizni hech kimga ayon qilmay, uning amalga oshishiga aniq ishonch hosil qilgunga qadar sir saqlaganingiz maʼqul.

Qovgʻa. Bu hafta quvonchli xabar tuhfa etishi kutilmoqda. Anchadan beri umid bogʻlagan va roʻyobini kutgan orzuingiz ushaladi. Lekin shu tufayli hamkasblar bilan tarang munosabatlar, gʻiybat va bekorchi gap-soʻzlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday paytda oila aʼzolaringizning koʻmagiga suyaning.

Baliq. Hafta zerikarli va bir xildagi ishlar bilan boshlanishiga qaramay, dastlabki kunlari faolroq harakat qilishga, hayotingizga biroz rang qoʻshishga harakat qiling. Ogʻir boshlangan haftaning ikkinchi yarmida atrofdagilar bilan munosabatingiz samimiylashib, oʻzingizni yengil his qilasiz. Dam olish kunlari rejalashtirilmagan harajatlar kuzatilishi mumkin.