(8 yanvardan 14 yanvargacha)

Qoʻy. Bu hafta davomida taqdir yoʻliga taʼsir qiluvchi oʻzgarishlar kutilmaydi. Ammo bu davrda yuz beradigan barcha voqea-hodisalar ustida jiddiy mulohaza yuritish maqsadga muvofiqdir. Yaxshilab oʻylab koʻring, soʻnggi paytlarda faqat oʻzingizga vaqt va eʼtibor ajratib, yaqin insonlarning istak-xohish va qiziqishlari haqida unutib qoʻymadingizmi? Shularning hammasini tarozi pallasiga qoʻyib, xolis xulosa chiqarishga harakat qiling.

Buzoq. Yoshi va lavozim jihatdan yuqori turuvchi tanishlar bilan munosabat qilishda ehtiyotkor boʻlib, imkon qadar xushmuomalalikni oʻrniga qoʻying. Vakolatingizga kirmagan masalalarda tashabbus bildirishdan tiyiling. Bu ham ish, ham shaxsiy hayotingizga tegishli. Bu hafta vaqtincha chetdan kuzatuvchi vazifasini bajaring, bu sizga faqat foyda olib keladi.

Egizaklar. Bu davrdagi har qanday yangi tanishuvlar foyda va omad olib keladi. Atrofdagilar bilan koʻproq munosabatda boʻlishga harakat qiling, faqat shu yoʻl bilan bu haftada kuzatilishi mumkin boʻlgan koʻngil gʻashligidan qutulish imkoniga ega boʻlasiz. Agar uy uchun biron narsa xarid qilish niyatida boʻlsangiz, yaxshisi bu ishni haftaning soʻnggi kunlarida amalga oshirgan maʼqul. 

Qisqichbaqa. Ish joyingizda raqobatga duch kelishingiz mumkin. Imkon qadar mojaro va kelishmovchiliklardan yiroq turing. Bahslashishga oshiqmang, undan koʻra bor kuch-shijoatni oila ichidagi munosabatlarni mustahkamlashga sarflang. Kelib tushadigan barcha takliflarni mutaxassislar bilan muhokama qiling. Xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun «yetti oʻlchab, bir kesish» tavsiya etiladi.

Arslon. Bu hafta uchun mushkul vazifalarni rejalashtirmang, aks holda baʼzi sabablar tufayli ularni oʻzgartirishga yoki bekor qilishga toʻgʻri keladi. Sizni biroz notinch va tashvishli kunlar kutmoqda. Bu davrda ikkilanish, jurʼatsizlik va shubha har jihatdan sizga halaqit qiladi.

Parizod. Dastlabki uch kun biroz ogʻir kechadi. Oʻzaro tushunmovchilik va murosaga kelmaslik atrofdagilar bilan munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Katta ahamiyatga ega boʻlgan jiddiy loyihalarga hozircha qoʻl urmaganingiz maʼqul. Mablagʻ sarflashda ehtiyotkor boʻling, ularning baʼzilari omadsiz boʻlishi mumkin.   

Tarozi. Siz uchun ham ruhan, ham jismonan yengillashish vaqti yetdi. Sokinlikda yoki tabiat qoʻynida koʻproq dam olishga eʼtibor qarating. Biroq hordiq uchun ortiqcha sarf-harajatga berilib ketmang, chunki bu davrda moliyaviy jihatdan biroz qiyinchilik yuzaga kelishi mumkin. Hafta davomida ziddiyatlarning oldini olishga, yon-atrofdagilar bilan xushmuomala boʻlib, ular bilan aslo bahslashmaslikka harakat qiling.

Chayon. Koʻpdan beri orziqib kutilgan imkoniyatni qoʻldan boy bermaslik uchun diqqatli va sergak boʻling. Chigal va hal etib boʻlmaydigan masalalar hech bir qiyinchiliksiz oʻz yechimini topadi. Bu davrda moliyaviy jabhada tejamkor boʻlib, ortiqcha xaridlardan oʻzingizni tiyishga harakat qiling. Ishdan boʻsh vaqtni imkon qadar koʻproq sayr qilib, toza havodan nafas olishga bagʻishlang.

Oʻqotar. Bu davr siz uchun oʻta omadli boʻlib, keskin oʻzgarishlar va kutilmagan voqealarga boy boʻladi. Rejalashtirilgan barcha yumushlar va koʻzlangan maqsadlar koʻngildagidek amalga oshadi. Buning uchun yanada faol harakat qilishingizga toʻgʻri keladi. Ayniqsa, chorshanba eng samarali kun boʻlib, foydali va istiqbolli ishlarga qoʻl urasiz.

Togʻ echkisi. Hafta davomida ziddiyatlarning oldini olishga harakat qiling. Yon-atrofdagilar bilan xushmuomala boʻlib, ular bilan aslo bahslashmang. Ulkan ish rejalarini tuzishga oshiqmang, kutilmagan xaridlardan oʻzingizni tiyishga harakat qiling, negaki bu haftada kasbiy sohangizga oid qiyinchiliklar yuzaga kelishi, pul yoʻqotishlar kuzatilishi mumkin.

Qovgʻa. Ichki sezish qobiliyatingizga quloq tuting, u aslo pand bermaydi. Bu hafta siz uchun yoqimli lahzalarga boy boʻladi. Yaqinlaringizdan safar taklifi yoki kutilmagan sovgʻa olishingiz mumkin. Ularga eʼtibor va gʻamxoʻrlik bilan javob qaytaring. Dam olish kunlarini salomatlikni mustahkamlashga, tashqi koʻrinishni yaxshilashga va miriqib hordiq chiqarishga bagʻishlang.

Baliq. Moliyaviy mablagʻ sarflarini yaqinlaringiz bilan obdon maslahatlashgan holda amalga oshiring. Lekin shaxsiy hayotga bogʻliq qarorlarni mustaqil qabul qilishga harakat qiling. Sokinlik va hotirjamlik zaruratini tuysangiz bu hafta vaqtincha ishni va oilaviy tashvishlarni bir chetga surib, oʻz qiziqish va sevimli mashgʻulotlaringiz uchun vaqt ajrating.