Klayd Tombo 4-fevral, 1906-yilda AQSHning Illinoys shtatida, ijaraga yer olib dehqonchilik qiluvchi fermer oilasida tugʻilgan. 12 yoshidan boshlab astronomiya bilan jiddiy qiziqib shugʻullana boshlagan. oʻrta maktabni tugallagach, keyingi taʼlimni olish uchun mablagʻi yetmaganligi bois, mustaqil shugʻullanishga majbur boʻlgan. U oʻzining yasama teleskopida Oy va Marsning tasvirlarini olib, Louell rasadxonasiga yuborgan. Rasadxonadagi yuqori malakali astronomlarning hayratiga sabab boʻlgan bu fototasvirlar, oʻzining aniqligi va sifati tufayli, Tombo ushbu nufuzli rasadxonaga ishga taklif etilgan. Aynan Louell rasadxonasida, 1930-yilning 18-fevral kuni, Klayd Tombo oʻzining eng olamshumul kashfiyoti - Pluton sayyorasini kashf qildi. Shuningdek u, Plutonni qidirish ishlari mobaynida, yangi kometa va yuzlab ilgari fanga nomaʼlum boʻlgan asteroidlarni ham ochdi. Tombo 1932-yilda Kanzas universitetiga oʻqishga kirib, 1936-yilda bakalavr diplomiga ega boʻldi. U 1943-yilgacha Louell rasadxonasida ishladi. 1943-45-yillarda esa, Arizona kollejida, 1945-46-yillarda esa Kaliforniya universitetida dars berdi. 1946-yildan boshlab Las-Krus laboratoriyasida, 1955-yildan boshlab esa, Nyu-Meksiko universitetida ishladi. 1965-yilda Nyu-Meksiko universiteti professori, 1973-yildan esa faxriy professor unvonlariga ega boʻldi. Klayd Tombo Plutonni ochganligi uchun maxsus medal (Uilyam Gershel tasviri tushirilgan) va Buyuk Britaniya Qirollik ilmiy jamiyatining Astronomiya uyushmasi tomonidan maxsus oltin medal bilan taqdirlangan. Tombo 1934-yilda Patrisiya Edisonga uylangan va umrining oxirigacha oʻz oilasiga sodiq yashagan. U oʻzidan bir oʻgʻil, bir qiz qoldirgan. Klayd Tombo 1997-yilda Nyu-Meksiko shtatidagi, Las-Kruses shahrida olamdan koʻz yumgan. Tomboga oid qiziq maʼlumot: oʻrta maktabni bitiruv oqshomida, sinfdoshlari u haqida dastxat-esdaliklar kitobiga "U yangi olamlarni kashf etadi" degan qaydni qoldirishgan ekan.
Olamshumul kashfiyotchi

Davom etib o'qing