Gruziyaning Msxeta-Mtianeti hududida joylashgan Pasanauri qishlogʻida har yili minglab sayyohlarni oʻziga jalb etuvchi ajoyib manzara mavjud. Bu Oq Aragvi va Qora Aragvi oqimlari kelib quyiluvchi daryodir. 

Gap shundaki, ushbu ikki oqim bir yoʻnalishda birlashsa ham oʻz rangini oʻzgartirmaydi. Bosh Kavkaz tizmasining janubiy yonbagʻirlaridan oqib keluvchi Oq Aragvi loyqa togʻ jinslari va ohaktoshlar bilan aralashib, oqish tusga kiradi. Pasanauri qishlogʻiga yetganida esa, qora togʻ jinslari sababli oʻziga xos rangga ega boʻlgan Qora Aragvi bilan birlashadi. Ularning ikkisi hosil qilgan daryo suvlari bir-biriga aralashmagan holda, oq-qora parallel chiziqlar koʻrinishida ancha masofagacha oqib boradi. 

Darvoqe, mahalliy xalq orasida shunday rivoyat yuradi. Unga koʻra, bir zamonlar baland togʻlar orasida ikki opa-singil yashar, ulardan birining sochlari tim qora boʻlsa, ikkinchisiniki oq-sargʻish tusda ekan. Baxtga qarshi, ularning ikkisi ham bir shahzodaga oshiq boʻlibdi. Lekin yigit sargʻish sochli qizni tanlab, unga uylanibdi. Oʻz muhabbatini pinhon tutgan opa koʻp azob chekibdi va singlisining baxtiga xalaqit qilmaslik uchun oʻzini daryoga tashlabdi. Koʻp oʻtmay, ayriliqqa chiday olmagan singil ham uning ortidan borishga qaror qilibdi. Shunday qilib, ularning zulfi rangidan tus olgan oq va qora daryo paydo boʻlibdi. 

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.