Bu yetarlicha bahs va munozaralarga sabab boʻlgan savol. Oʻsmir yoshidagi bolalarning mushaklari katta yoshli odamnikidan ancha farq qiladi. Unda suv koʻp, yogʻ va oqsil esa kamroq boʻladi. 16–18 yoshlarda tananing jadal rivojlanishi kuzatiladi: suyaklar paylarga, mushaklar suyaklarga nisbatan tezroq oʻsadi. Mustahkam qotishga ulgurmagan «yangi» mushaklar va tayanch-harakat apparati juda nozik boʻladi.

Bundan kelib chiqadiki, barcha yuklamalarni nihoyatda diqqat va sinchkovlik bilan meʼyorlash lozim. Oʻspirin va ularning murabbiylari oldida turgan asosiy vazifa – yosh organizmni ortiqcha yuklamaslik. Odatda, sport zaliga kelgan oʻsmirlar qisqa muddatda mushakdor atletga aylanishni orzu qilishadi va natijada tanasiga mos boʻlmagan ogʻirlikni koʻtarib, pay va mushaklarni ortiqcha zoʻriqtirishadi. Bu esa bir qancha muammolarni keltirib chiqaradi. Oqibatda uzoq vaqt salomatlikni tiklashga toʻgʻri keladi. Malakali va tajribali murabbiy nafaqat mashqlarni toʻgʻri bajarish texnikasini koʻrsatib berishi, balki mashgʻulotlarga qanday tayyorlanish, mushaklarni qizdirib olish, qoʻl-oyoqlarning chigilini yozish uchun qaysi harakatlarni bajarish lozimligini ham tushuntirib oʻtishi zarur.

Yodingizda boʻlsin, ortiqcha jismoniy yuklama rivojlanayotgan organizmga oʻz taʼsirini oʻtkazadi, katta kuch sarfi esa oʻsish jarayonini toʻxtatishi yoki sekinlatishi mumkin. Bundan tashqari, bemavrid va ortiqcha koʻtarilgan yuk koʻp hollarda umurtqa churrasi yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.