Insoniyat kurrai zaminda mavjud ekan, ular oʻrtasida nizolar, urushlar davom etadi. Gʻolib va magʻlub, zolim va mazlum, haq va nohaq hamisha boʻlgan. Shukurki, bu kurashlarning yakunida hamisha adolat qaror topgan, ezgulik, insoniylik gʻalaba qilgan. Shunday adolatli fotihlarning biri bobokalonimiz Amir Temurdir. Uning hayoti, yuritgan siyosati, harbiy yurishlari haqida yaratilgan asarlar juda koʻp. U haqida bitilgan qasidalar-u bagʻishlovlarning ham sanogʻi yoʻq. Sababi, u nafaqat turkiylar, balki Ovroʻpoliklarni moʻgʻullar balosidan xalos qilgan boʻlsa, gʻarbliklarni Usmonlilar istilosidan qutqarib qolgan. Ushbu tarixiy manbalarni oʻqir ekanman, Temur davrida yashagan tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asari eʼtiborimni tortdi. "Zafarnoma" boshqa manbalarga nisbatan haqiqatga ancha yaqin va muhim maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan.
"Zafarnoma" 1419-1425 yillarda Ibrohim Sulton Abulfath (Shoxruhning oʻgʻli, Temurning nabirasi) buyrugʻiga binoan yozilgan. Asar aslida "Fathnoma" yoki "Fathnomayi Temuriy", "Tarixi Jahonkushoyi Temuriy" kabi nomlangan boʻlsa-da, Nizomiddin Shomiyning "Zafarnoma" asariga mazmunan oʻxshashligi tufayli shu nom bilan shuhrat qozonadi.
Asar muqaddima va zafarnoma qismlaridan iborat. Muqaddima Temurgacha boʻlgan davrning umumiy tarixiga bagʻishlanadi. Zafarnoma, deb nomlangan asosiy qismda Temur davri bayon etilgan. Asar yozilishidan oldin Ibrohim Sultonning buyrugʻiga koʻra uchta guruh: turkiy va forsiy tilni biluvchi tarixchi olimlar, uchinchisi bevosita Temurning yonida boʻlgan shohidlardan iborat qilib tuzilgan. Temur tarixiga oid har bir maʼlumot, hikoya alohida oʻrganiladi va shohidlar aytib berganlari bilan solishtiriladi. Bu esa yaratilajak asarning favqulodda asosli va haqqoniyligiga xizmat qiladi. Oʻrganilgan va toʻplangan sahih maʼlumotlar shaxsan Ibrohim Sulton tomonidan oʻqiladi va kotiblar tomonidan asarning xomaki nusxasi yaratiladi. Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy esa ushbu andoza asosida "Zafarnoma"ni yozgan. Asar XVI asrda shayboniy Koʻchkunchixon farmoni bilan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. 1997 yilda aynan shu tarjima nusxa chop etiladi.
Asarda Temuriylar davri, davlat tuzilishi, siyosiy va harbiy boshqaruv bilan birga Temurning oila boshligʻi, ota, bobo sifatidagi siymosi ham gavdalangan. Xususan, yigirma yoshli shahzoda Jahongirning vafoti hikoyasini olaylik. Bunda farzand dogʻini koʻrgan jahon sultonining hissiyotlari oʻquvchini qaygʻuga soladi. Umuman, asarda Temur hayotidagi har bir muhim voqea batafsil, ketma-ket, tushunarli yoritilgan. Temurning adolati, Temurning kuchli ijtimoiy siyosati, harbiy mahorati, insoniy xislatlari bayon etilgan. Davlat tuzumi, xalq hayoti, urf-odatlari, yashash tarzi haqida ham qimmatli maʼlumotlar berilgan.
Ajdodlarimizga munosib avlod sifatida oʻchmas tarixni oʻrganish, undan toʻgʻri xulosa chiqarishga burchlimiz. Amir Temur bilan bogʻliq tarixni esa, "Zafarnoma"dan boshlanmogʻi lozim. Qoʻlimizdagi qimmatli xazinadan unumli foydalanaylik!
Feruza ABDULLAYEVA,
Oʻzjoku harbiy jurnalistika
yoʻnalishi talabasi.
