Amerikada 911 raqamga qilingan qoʻngʻiroqning audio yozuvini tingladim. Bu erkak qulayotgan samolyotdan qoʻngʻiroq qilgandi. U vahimasini yashirmay qichqirardi: 

— Bu 911mi? Suhbat yozib olinyaptimi? 

— Ha janob. Ha, yozib olinyapti. Nima boʻldi janob? 

— Qulayapmiz... Samolyot qulayapti...

— Qaysi samolyot, qaerda?... 

— Endi kech... Vaqtimiz yoʻq... Elli, xotinimning ismi Elli, — deb baqirdi erkak. — U homilador. Unga bu yozuvni bering. Elli, sen kuchlisan, iltimos, mensiz kuchli boʻl. Elli, qaytmasam ham sen bilanman, Elli. Men har doim sen va boʻlajak qizimiz bilanman... Men sizlarni yaxshi koʻraman, men seni yaxshi koʻraman ... Elli ... 

Aloqa uzildi...

Men yigʻlab yubordim. Qanday qilib?... Rostini aytsam, bu juda ogʻriqli. Agar xudo koʻrsatmasin, men qulayotgan samolyotda boʻlsam, nima qilardim? Men nima haqida oʻylar edim, nimani eslardim, nimadan afsuslanardim, kimga qoʻngʻiroq qilgan boʻlardim?... Buni tasavvur qilish juda qoʻrqinchli, ammo bu sizga nima muhim va nima muhim emasligini anglashga imkon beradi.

Hammasi sodda va tushunarli boʻlib qoladi. U yerda halokatga mahkum samolyotda siz hech qachon boylik, obroʻ haqida, daromadli ishlar kechikayotgani haqida oʻylamaysiz. Eng aziz insoningiz haqida oʻylaysiz.Unga kerakli gapni aytolmaganingiz, "seni yaxshi koʻraman" deyishga ulgurolmaganingiz, yonida boʻlolmaganingiz haqida oʻylaysiz. Hafta davomida aylanishga olib chiqolmagan qizchangiz haqida oʻylaysiz. Bu barcha shartnomalardan muhimroq...

Mening 19 yoshli ukam Dima kutilmaganda gʻoyib boʻldi. Voqea sodir boʻlgan kuni ertalab onam bilan avtobus bekatiga ketishayotganda u onamga: "Men sizga bir narsa aytmoqchiman ..." degan. Lekin shu payt avtobus kelib qolgan, onamning muhim uchrashuvi bor edi. Onam ishga shoshilib: “Kechqurun gaplashamiz, oʻgʻlim, meni kutib tur”, degan. 

Biz shu boʻyi uni koʻrmadik. Boshqa hech kim uni hech qachon koʻrmadi. Onam bu haqda doim gapirardi: "Agar bilsam edi... 

U agar voqealar qanday boʻlishini bilsa, ukam nima demoqchi boʻlganligini tinglash uchun dunyodagi barcha avtobuslar va uchrashuvlarni oʻtkazib yuborishini nazarda tutgan edi ... Onam oʻgʻlini oxirgi marta oʻsha avtobus oynasidan koʻrgan." Men butun umr shu dard bilan yashadim..."

Agar bu sizning oxirgi samolyotingiz ekanligini bilsangiz ... Yoki oxirgi uchrashuvingiz... unda nima boʻladi? Nima degan boʻlardingiz? Barchasini boshqacha qilarmidingiz? Bugun oxirgi kuningiz deyishsa qanday yashardingiz?..

Lekin... buni sizga hech kim aytmaydi, shuning uchun siz goʻyo osmonlarda yurishingiz, hamma narsa qoʻlimda deb oʻylashingiz mumkin. 

Har kunni soʻnggi kuningizdek yashang, agar chindan bu oxirgi kuningiz boʻlsa, uni bemaʼnilikka sarflaganingizdan afsuslanmaysiz ... Va hayotingizni birinchi oʻringa qoʻying, har bir soniyani koʻngil uchun yashang. Shunda xavfsiz yiqilish texnikasini oʻzlashtirgan boʻlasiz, erkin, xotirjam uchib-qoʻnishni his etasiz.  

Hech narsa soʻramang. Ha. Shoshilinch ravishda. Men sizni va bolalarni juda yaxshi koʻraman, deng. Siz mening hayotimdagi eng yaxshi insonimsiz, deng. 

Oʻgʻlim, qizim, bolam, onam, men doimo sizlar bilanman, deng, eshityapsizmi?! 

Garchi bu sizning oxirgi suhbatingiz boʻlmasa ham... 

"Men sizlarni himoya qila olaman ..." deng. 

Xudoyim... Yozganda ham yigʻlayapman. 

Mana endi, shu nuqtadan boshlab, eng muhimi nima ekanligini hal qilish, toʻgʻri hayot yoʻlini qurish va uni baxtli yashash osonroq. Har bir kunni yagona va soʻnggi kundek yashang. Eng muhim lahzalarni oʻtkazib yubormaslik uchun. Xoʻsh, aytingchi, qizingizni aylantirishga olib borishingiz kerakmi? Oilangiz bilan haliyam toqqa chiqmadingizmi? Shoshiling, bu moʻʼjizani oʻtkazib yubormang. Ertaga demang, bu ishni darhol, bugun qiling! 

Olga SAVELYEVA

Manzura BAXTIYOR tarjimasi.