Bugungi kunda yoʻllarimizda avtomashina boshqarib ketayotgan xotin-qizlarni koʻrib hech kim taajjublanmaydi. Bu jarayon tobora kuchayib, mashina haydayotgan ayollar soni ortib bormoqda. Ayrim davlatlarda esa haydovchilik guvohnomasini olayotganlarning aksariyatini aynan ayollar tashkil qilayotgani ham bor gap.
Koʻpchilik erkaklar aksariyat yoʻl-transport hodisalari aynan mashina boshqarayotgan ayollarning xatosi tufayli kelib chiqadi, deb oʻylashadi. Lekin statistik maʼlumotlar buning aksini koʻrsatmoqda. Bu jins vakillari juda hushyor haydovchi hisoblanib, yoʻlda yurganda nihoyatda tartibli boʻlisharkan.
Buni qarangki, Yevropaning koʻpgina davlatlarida ayol haydovchilar erkaklarga qaraganda arzonroq sugʻurta qilinar ekan.
Yana koʻpchilik erkaklar haydovchilik guvohnomasini olayotgan ayollarni hech bir ovoragarchiliksiz, «shaxlo koʻzlari uchun» qiynalmasdan olishadi deb oʻylashadi. Aslida darslarga kam qatnashadigan erkaklardan farqli ravishda bu jins vakillari avtomaktab instruktorining darslarini jon qulogʻi bilan eshitar, hech bir darsni eʼtiborsiz qoldirishmas ekan.
Yangi mashina xarid qilayotgan ayollarning 97 foizi unda xavfsizlik yostiqchasi bor-yoʻqligini soʻrasa, 15 foiz erkaklargina bunga qiziqar ekan.
Maʼlumotlarga koʻra, 65 foiz yoʻl-transport hodisasi erkaklarning aybi bilan yuz bersa, 35 foizi ayollarning xatosi tufayli kelib chiqar ekan.
Foziljon Mamasharipov tayyorladi.
