Bugungi kunda aksariyat odamlar shaxsiy kompyuter, noutbuk, planshet hamda koʻplab funktsiyalarni bajaruvchi uyali aloqa vositalariga ega hisoblanadi. Ammo, insonlarning bunday imkoniyatlarga ega boʻlishi oʻtgan asrning 80-yillarida xomxayol edi.
Masalan, 1980 yili sobiq Ittifoq olimlari Mikro-80 nomli 8-razryadli mikrokompyuterining dastlabki namunasini yakunlab, uni amaliyotga joriy etish uchun radiosanoat boʻyicha masʼul rahbarlardan biri Nikolay Gorshkovga koʻrsatadi.
U esa, “sizlar beʼmani narsalar bilan shugʻullanishni bas qilinglar. Shaxsiy avtomobil, shaxsiy pensiya, shaxsiy dacha boʻlishi mumkin, lekin shaxsiy kompyuter degan narsa boʻlishi mumkin emas. Sizlar EVM degani nima ekanligini faraz qilyapsizlarmi? EVM degani – bu 100 kvadrat metr maydon, 25 nafar xodim va har oy 30 litr spirt demakdir” deya keskin fikr bildiradi. Shu boisdan, mazkur ixtiro amaliyotga joriy etishdan olib tashlanadi.
Toʻgʻri, oʻsha paytlar odamlarning shaxsiy kompyuterga ega boʻlishi xomxayol sifatida kulguga sabab boʻlgandir, lekin, oradan sal kam 40 yil oʻtib, insonlarning orzusi ushaldi. Balki, siz ham buni oʻqib, kulgan boʻlsangiz kerak.
Azamat PIRNIYAZOV,
“Postda” muxbiri.
