Gohida tamaki mahsulotlarini chekishni tashlashga koʻmaklashuvchi turli vositalar toʻgʻrisidagi eʼlonlarga koʻzimiz tushadi. Aslida chekish qanchalik xavfli? Shifokorlarning taʼkidlashicha, tamaki chekish qon bosimining koʻtarilishi, yurak xuruji va insulʼt xavfining oshishiga sabab boʻlarkan. Bundan tashqari, saraton kasalligini yuqtirish holatlari ham kashandalarda sogʻlom odamga nisbatan 30 foiz koʻproq uchrarkan. Bu chekish oqibatida kelib chiqadigan xastaliklarning hammasi emas, albatta...
Chekishni tashlash kishidan qatʼiyatli va irodali boʻlishni talab etadi. Gohida esa bu zararli illatdan qutulishda yaqinlarning koʻmagi ham asqatarkan. Masalan, turkiyalik 42 yoshli Ibrohim ismli fuqaro sigaret chekishni tashlash maqsadida oʻz boshiga qafas kiyib olgan. Qizigʻi, qafasning kaliti uning turmush oʻrtogʻida baʼzida esa qizida turadi. Ovqatlanish paytidagina uni ochadi. Ibrohimning aytishicha, u 16 yoshidan boshlab kuniga 2 quti sigaret chekib kelgan.
Ilk bora bu haqidagi xabarlar shu yilning 10 may kuni Britaniyaning LADbible nashrida chop etilgan. Bu chekishni tashlashning kim uchundir balki kulgili yoki antiqa usuli boʻlib tuyulishi mumkin. Ammo koʻpchilik buni maqsad sari olgʻa intilish va yaqin insonlarning gʻamxoʻrligi deb baholamoqda.
Sizchi, chekasizmi yoki endi boshlamoqchimisiz? Nima boʻlganda ham oʻylab koʻrishingizga ayni daqiqada imkon bor. Bunday imkon boshqa boʻlmasligi mumkin...
Sherzod Abdusamadov tayyorladi.
