Xalq bisotidan
Bir dengizchi kema halokatiga uchrab, yakka oʻzi kimsasiz orolgacha suzib boribdi. U yerda noiloj qolganini anglab, yashash uchun sharoit yarata boshlabdi va kema qoldiqlari bilan birga sohilga oqib kelgan bir qancha foydali buyumlarni toʻplashga erishibdi. Machta va boshqa yordamchi materiallardan oʻziga kulbacha quribdi. Soʻngra yegulik topish uchun oʻrmonga yoʻl olibdi.
Orolda jon saqlash koʻp vaqt va kuch-quvvat talab qilardi. Dengizchi hech qayerdan yordam kutmas, sohilda muqim oʻrnashish harakatini qilardi.
Ammo bir kuni oʻrmonda yurganida orolda shiddatli shamol turibdi, qisqa vaqt sharros yomgʻir yogʻib oʻtib, momaqaldiroq chaqnabdi va uning yashinlaridan biri ulkan daraxtga tushib, buning oqibatida yongʻin chiqibdi. Oʻz boshpanasi tomon shoshib kelgan dengizchi kulbasi olov ichida qolib, undan quyuq qora tutun koʻtarilayotganiga koʻzi tushibdi. Shoʻrlik oʻtirib olib, alamdan yigʻlay boshlabdi. Falokat yana bir karra uning umidlarini puchga chiqargandi.
Bir ozdan soʻng boshini koʻtarib, dengiz tomon boqdi. U yerdan barcha yelkanlarini koʻtargan holda bir kema sohilga yaqinlashar, bortdagi matroslar esa allaqachon suvga qutqaruv qayiqlarini tushira boshlagandi.
– Meni qayerdan topdingiz? – hayron boʻlib soʻrabdi dengizchi.
– Bizni chaqirish uchun yoqqan gulxaning otashi va tutunini koʻrdik, – deya javob qilibdi kemadagilar.
Koʻpincha oʻzimizga oʻzimiz yordam bera olmay, qoʻlimizdan faqat taqdirdan nolish va koʻz yosh toʻkish keladi, xolos. Ammo baʼzan hayotimizga shunday holat va vaziyatlar aralashadiki, natijada ular ham umrimiz hodisalari zanjiriga tiziladi. Oʻz hayot zanjiring boʻgʻinlarini toʻgʻri tiz va omad hamisha sen bilan boʻladi.
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
