Joriy yil 21-avgust kuni kech soat 01:00da Fransiya poytaxti Parijdagi 600 ming aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Centre Hospitalier Sud Francilien” (CHSF) nomli yirik tibbiyot markaziga xakerhujum uyushtirildi.

Muassasa kompyuter tarmogʻiga qilingan ushbu hujum bemorlarga tashxis qoʻyish, tibbiy holatini kuzatib borish, jarrohlik amaliyotiga koʻmaklashish va boshqa barcha dasturiy taʼminotlardan foydalanishni cheklab qoʻygan.

Huquq-tartibot organlari maʼlumotiga koʻra, “CHSF”ga hujum qilgan hakerlar guruhi shifrni ochish kalitini taqdim etish evaziga 10 million AQSh dollari talab qilishmoqda.

Kiberhujumning texnik tafsilotlari oshkor etilmayapti, ammo uning oqibatida yuzaga kelgan nosozlik bugungi kungacha davom etmoqda.

Holat boʻyicha Fransiya Kiberjinoyatlarga qarshi kurash markazi mutaxassislari tomonidan surishtiriv ishlari olib borilmoqda, deya xabar beradi IIV Kiberxavfsizlik markazi.

Oʻz muxbirimiz.