Ushbu mayoq shiddatli toʻlqinlar mavj urib turgan Atlantika okeanidan qirq metr balandlikda joylashgan. Unga chiqishning yagona yoʻli – vertolyot orqali uchib borish. Buning uchun, albatta, ochiq va bulutsiz ob-havo sharoiti talab etiladi. Islandiyada esa bu kamyob holat.

Islandiya qirgʻoqlari yaqinidagi Vestman orolidan oʻrin egallagan Tridrangar mayogʻi 1939 yilda barpo etilgan. U paytlarda vertolyotdan foydalanish imkoniyati boʻlmagan, shuning uchun okean oʻrtasidagi yetib borish qiyin boʻlgan tik qoyada qurilish ishlarini amalga oshirish aqlbovar qilmas mushkul vazifa boʻlgan. 

Ilgari ushbu qoya-orolda nazoratchilar istiqomat qilishgan. Ular mayoqqa texnik xizmat koʻrsatib, navbatma-navbat oʻrin almashib turishgan. Bir necha oʻn yilliklar davomida ishchilar bu yerga qayiqda yetib kelib, soʻngra qoyalar orasidagi xavfli va qiyin yoʻllar bilan balandlikka koʻtarilishgan. Bugun mayoq toʻliq avtomatlashtirilgan. Baʼzan mutaxassislar uning ishchi holatini tekshirish hamda aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida vertolyotda uchib kelishadi.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.