Bugungi kunda ushbu kasallik bolalar oʻrtasida koʻp uchraydi. Miopiya shakllanishi jarayoni, birinchi navbatda, koʻz ichidagi mushaklarning doimiy zoʻriqishiga olib keladigan koʻrish yuklamasining ortishi bilan belgilanadi. Buning natijasida mushaklarda harakatsizlik yuzaga kelib, spazmni keltirib chiqaradi va uzoqni koʻra olmaslikni kuchaytiradi. Miopiya xavfini kamaytirish uchun koʻz sohasida qon aylanishini yaxshilash zarur.

Ushbu kasallikning oldini olish uchun bola kuniga kamida 2-3 soat toza havoda boʻlib, sport bilan shugʻullanishi kerak. Koʻz uchun nigohni yaqin masofadan uzoqqa koʻchiruvchi sport turlari (badminton, stol tennisi, voleybol) maqbul hisoblanadi. Bu tabiiy koʻz relaksatsiyasini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, koʻrish tizimini ortiqcha yuklash yaramaydi – bola kun boʻyi kitobga, gadjet yoki televizorga tikilgan holda oʻtirishi mumkin emas. Har bir mashgʻulot uchun unga vaqt belgilab bergan maʼqul.

Kun davomida nigohni uzoqdan yaqinga, tepadan pastga va yon tomonlarga koʻchiruvchi koʻz mashqlarini bajarish maqsadga muvofiqdir. Bu koʻzlarning dam olishiga xizmat qilib, undagi qon aylanishini yaxshilaydi.

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.