Donishmanddan soʻrashibdi:
– Siz oʻta xotirjam insonsiz, buning siri nimada?
– Shunchaki, oddiy hayot tarzini olib boraman, – javob qilibdi qariya. – Bu men uchun intizomga aylangan. Ovqat mahali tamaddi qilaman, uxlashga yotib, uxlayman, ish bilan shugʻullanganimda ish bilan band boʻlaman.
Atrofdagilar ajablanishibdi:
– Lekin men bunda hayratlanarli hech narsa koʻrmayapman, – debdi ulardan biri. – Axir, bu ishlarni hamma qiladi: ovqat mahali ovqatlanadi, uyqu vaqtida uxlaydi.
Donishmand kulib yuboribdi va shunday debdi:
– Yoʻq, siz tamaddi vaqtida ham minglab narsalarni amalga oshirasiz, xayol surasiz, orzuga berilasiz, tasavvur qilasiz, xotirlaysiz, yaʼni faqat tamaddi bilan band boʻlmaysiz va natijada hech biri mukammal boʻlmaydi. Men esa taom keltirilganda faqat ovqatlanaman va boshqa narsaga chalgʻimayman. Sayrga chiqib, faqat sayr qilaman va uning zavqidan toʻliq bahramand boʻlaman. Har bir ishni amalga oshirayotganda, aynan unga eʼtiborni jamlash va bu amaldan bahra olish inson ruhiyati uchun juda muhim. Bu uni sokinlashtiradi, ortiqcha asabiylik kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaydi. Har bir ish meʼyorida bajariladi. Xotirjam hayot kechirishning haqiqiy siri mana shunda!
Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.
