28aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni

Mehnat hayotimizning ajralmas qismidir. Har birimiz unga nafaqat munosib haq toʻlanishini, mehnat balki imkon qadar xavfsiz va qulay boʻlishini istaymiz.

1919 yilda Versal tinchlik shartnomasi asosida oʻsha davrdagi Millatlar Ligasining tarkibiy boʻlinmasi sifatida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tuzildi. Ushbu tuzilma hozirgi kundagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. Tashkilot tuzilgan vaqtida unga 42 davlat aʼzo boʻlgan edi. Bugungi kunga kelib unga aʼzo davlatlar soni 187 taga yetdi.

XMT tuzilganidan beri mehnatni muhofaza qilish masalalari bilan bogʻliq 40 dan ortiq xalqaro mehnat normalarini qabul qildi. xizmat qilmoqda. Xususan, 1981 yildagi “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisida”gi hamda 2006 yildagi “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisida”gi konventsiyalar bir-birini toʻldiradigan, xavfsiz va sogʻlom mehnat muhitini taʼminlash uchun tegishli tamoyillar, majburiyatlar va huquqlarni aks ettirgan asosiy xalqaro hujjatlardir.

2003 yildan boshlab 28 aprel Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni etib belgilandi. Shu kuni xavfli, nosogʻlom va ogʻir mehnat sharoitlari tufayli halok boʻlgan, jarohatlangan yoki kasb kasalliklariga uchragan ishchilarni xotirlanadi. Xalqaro mehnat tashkilotining tashabbusi bilan har yili dunyoning turli burchaklarida keng nishonlab kelinayotgan va anʼanaga aylangan kun bu yil “Xavfsiz va sogʻlom mehnat muhiti - mehnat sohasidagi asosiy tamoyil va huquqdir” shiori ostida oʻtmoqda.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad dunyo hamjamiyatini ish joylarida sodir boʻlayotgan yengil, ogʻir va oʻlim bilan tugagan baxtsiz xodisalarning oldini olish hamda mehnat muhofazasi masalalariga diqqat-eʼtiborini kuchaytirishdir. Baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari koʻpchilik hollarda xodimlar bilim darajasining yetarli emasligi, yongʻin xavfsizligi, mehnatning xavfsiz usul va uslublariga oʻqitilmaganligi sababli yuzaga kelmoqda.

Ish beruvchilar ishchilarning mehnat xavfsizligi va sogʻligʻi uchun javobgardir. Shuningdek, har bir ishchi ish joyidagi jarohatlar va baxtsiz hodisalarga qarshi kurashga oʻz hissasini qoʻshishi mumkin. Ishchilar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari, oʻzlarini va hamkasblarini asossiz xavf-xatarlarga duchor qilmasliklari, oʻz huquqlarini bilishlari va profilaktika choralarini amalga oshirishda faol ishtirok etishlari kerak.

COVID-19 pandemiyasi kuchli sogʻliqni saqlash va xavfsizlik tizimiga ega boʻlish mehnat muhitini himoya qilish hamda ishchilarning xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlash uchun juda muhim ekanligini koʻrsatdi. Ish joylarida mehnatni muhofaza qilish boʻyicha xavfsizlik choralarini qoʻllash, kasallik tarqalishining oldini olishda hamda ishchilar va umuman jamiyatni himoya qilishda muhim rol oʻynashi mumkinligini isbotladi.

Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan dunyoning aksariyat mamlakatlari qatori, Oʻzbekistonda ham mehnat muhofazasi masalalariga bagʻishlangan tadbirlar anʼanaviy ravishda oʻtkazilib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarda asosiy eʼtibor aholiga munosib mehnat sharoitlari yaratish, mehnat muhofazasi madaniyatini rivojlantirish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasi borasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishga, xususan ish joylarida sodir boʻladigan baxtsiz xodisalarning oldini olishga qaratilgandir.

Xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini tashkil etishning asosini mehnat munosabatlari sohasidagi davlat siyosati tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasida ish joylaridagi xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish, fuqarolar sogʻligʻini taʼminlash masalalari davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekistonda mehnatni muhofaza qilish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, yangi Mehnat kodeksi (30 dan ortiq moddasi mehnat muhofazasi masalalariga bagʻishlangan boʻlib, 211-moddasiga binoan, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan boʻlishi kerakligi va bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kirishi belgilangan), “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonuni hamda boshqa qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Oʻzbekiston “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonuniga kiritilgan soʻnggi oʻzgartish va qoʻshimchalar, mehnat muhofazasi sohasida ish beruvchilar va xodimlar masʼuliyatini oshirishga hamda mehnatni muhofaza qilish xizmatlari ishini izchil ravishda rivojlantirishga, ayniqsa qurilish sohasida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi meʼyorlarini takomillashtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrishga qaratilgandir. Shuningdek, mamlakatimizda barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda kasb kasalliklariga chalinish, koronavirus infektsiyasi, infektsion hamda mavsumiy kasalliklar tarqalish holatlarining oldini olish boʻyicha ham koʻplab profilaktika ishlari samarali olib borilmoqda. Yurtimizda barcha uchun munosib mehnat muhofazasini taʼminlashga qaratilgan yetarlicha mexanizmlar shakllantirilgan.

 

Farida HAQBERDIYEVA,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi.