Hindistonda maymunlar juda koʻp boʻlib, ular odamlarga va atrof muhitga katta zarar yetkazadi. Aholi ularni zararsizlantirish uchun qanday qoʻlga tushiradi, bilasizmi? Buning yoʻli juda oson. Hindlar ogʻzi tor koʻzani yerga koʻmib, ichiga yongʻoqlar solishadi. Shu joyga yaqinlashgan maymun yerdagi teshikni va uning ichidagi yegulikni koʻrib, asta qoʻlini koʻza ichiga tiqadi va panjasiga siqqanicha yongʻoqni ushlab, tortib olishga harakat qiladi. Ammo kaftlari toʻla boʻlgani uchun koʻzaning tor ogʻzidan qoʻlini chiqara olmaydi.

Maymun avvaliga sarosimaga tushadi, sakraydi, siltanadi, qoʻlini tortishga urinadi. Soʻngra biroz sokinlashib, jimgina oʻtiradi va shu holatda soatlab qolishi mumkin. U yongʻoqlarni qoʻyib yuborsa, ozod boʻlishini hatto hayoliga ham keltirmaydi. Bunga aqli yetmaydi. Keyin esa tuzoq egalari kelib, uni qoʻlga tushirishadi va nobud qilishadi.

Lekin oʻylab qarasak, bu qisman biz haqimizda. Biz ham oʻsha qoʻlida yongʻoq tutgan maymunlar kabimiz hayotda. Kim uchundir yongʻoqlar – ranj, alam, qahr. Boshqa birov uchun – baxtsiz oʻtmish. Yana kim uchundir – talash boʻlgan meros, mol-davlat. Agar «kaftimiz»ni ochib, ulardan halos boʻlsak, baxtli va hotirjam hayot kechirish mumkinligini anglab yetmaymiz. Aksincha, ularni qalbimizdan chiqara olmay, oʻzimizni bir umr azob chekishga mahkum etamiz. Insonga umr bir marta beriladi, shunday ekan, hayotdagi ortiqcha «yongʻoqlar»ni qoʻyib yuboring va baxtli hayot kechirishga urining!

Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.