Fantast yozuvchi Gerbert Uells (1866–1946) oʻzining «Vaqt mashinasi» deya nomlangan ilk romani bilanoq mashhur boʻlib ketgan. U aslida biolog boʻlib, 76 yoshida fan doktori darajasiga erishgan.
Adib biologiyadan boshqa tabiiy, aniq fanlardan ham chuqur bilimga ega edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, zamonlar osha kelajakka nazar tashlay olgan. Jumladan, insonning Oyga parvoz qilishini, Ikkinchi jahon urushini, simsiz aloqa kashf etilishini va boshqa bir qator yangiliklarni oldindan bashorat qilgan.
Ijodkor umri davomida 40 dan ortiq roman, bir necha qissa va hikoyalar, 10 ta falsafiy asar yaratgan. Uning siyosiy va ijtimoiy bashoratlari ham 30 jildga yaqinlashadi. Adib bolalar uchun ham 3 ta kitob yozib ulgurgan.
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida yozuvchining romanlaridan birining bosh qahramoni – koʻrinmas odamga haykal oʻrnatilgan. U Redyard Kipling, Artur Konan Doyl kabi taniqli adiblar bilan doʻst tutingan.
Gerbert Uells rasm chizishni ham yaxshi koʻrgan. U odatda qoʻlyozmalarining hoshiyasiga surat solgan. Hatto uning chizgan suratlari vafotidan ancha keyin alohida kitob holida chop etilgan.
Oydagi kraterlardan biri uning nomi bilan ataladi. Adibning nomzodi 4 martaba Nobel mukofotiga daʼvogarlar roʻyxatiga kiritilgan. Lekin unga ushbu nufuzli mukofotni olish nasib etmagan.
Bobomurod TOSHEV tayyorladi.
