Zararli dasturlar evolyutsiyasi katta davrni oʻz ichiga olmasa-da, shu qisqa vaqt davomida ularning koʻplab turlari yaratildi. Zamonaviy zararli dasturlarning ilk koʻrinishlaridan biri Karnel universiteti aspiranti Robert Moris tomonidan ishlab chiqilib, 1988-yil 2-noyabrda internet tarmogʻiga joylashtirilgan. «Morris chuvalchangi» («Morris worm») deb nomlangan ushbu virusning tarqalishi natijasida internet foydalanuvchilariga 96,5 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgan.
Dastlab zararli dasturlar qiziqish va tajriba oʻtkazish maqsadida foydalanilgan boʻlsa, bugungi kunda ular maʼlumotlarni oʻgʻirlash, josuslik, geosiyosiy manipulyatsiya va boshqa gʻarazli maqsadlarni amalga oshirish uchun yaratilayotgan murakkab tizimga aylandi.
Keng tarqalgan zararli dasturlardan biri «Ransomware» boʻlib, u foydalanuvchi kompyuteridagi fayllarga kirishni cheklab qoʻyadi. Ushbu fayllarni qaytarib olish uchun shifrni ochish kaliti zarur. Kalit kiberhujum tashkilotchisi yuborgan hisobraqamga belgilangan miqdordagi pul mablagʻi oʻtkazilgandan soʻng taqdim etiladi. Ammo har safar ham toʻlov amalga oshirilgandan soʻng jabrlanuvchilarga ularning maʼlumotlari qaytarib berilmaydi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda «Ransomware» dasturlaridan zarar koʻrganlar soni 2022-yildagiga qaraganda 70 foizga oʻsgan. Soʻnggi uch yil ichida amalga oshirilgan kiberhujumlar soni tahlil qilinganda esa, 2021-yilda 304 million, 2022-yilda 236,1 million marotaba amalga oshirilganini koʻrish mumkin. Bunday koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida «Google» har haftada zararli dasturlarni oʻz ichiga olgan 50 ta veb saytni aniqlab, bloklash choralarini koʻradi.
Zararli dasturlarning taʼsiri keng koʻlamli boʻlib, nafaqat mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalariga, balki oddiy internet foydalanuvchilariga ham katta xavf tugʻdirishi mumkin.
Zararli dasturlar orqali amalga oshiriladigan kiberhujumlar katta moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelishi bilan birga, maʼlumotlarning oʻgʻirlanishi, intellektual mulk huquqlarining buzilishiga ham sabab boʻladi. Misol uchun, 2023-yilda maʼlumotlarning oʻgʻirlanishi oqibatida 4,45 million dollar miqdorida zarar koʻrilgan.
Xakerlar katta sanoat industriyalari tizimiga buzib kirish va maʼlumotlarni qoʻlga kiritish uchun ommaviy kiberhujumlarning yangi, oʻziga xos turlarini yaratishmoqda. Xususan, kiberjinoyatchilar autentifikatsiya maʼlumotlarini qoʻlga kiritishni juda yaxshi koʻradilar, chunki autentifikatsiya maʼlumotlari ular oʻylagan gʻarazli maqsadlarni amalga oshirish va har qanday tizimga kirishning ishonchli, samarali, xavfsiz usulidir.
Xakerlar autentifikatsiya maʼlumotlarini odatda zararli veb-saytlar, botnetlar yoki fishing elektron pochta xabarlarini tarqatish orqali qoʻlga kiritishi mumkin. Bunda foydalanuvchi zararli havolaga kirishi natijasida qurilmadagi karta maʼlumotlari, himoya parollari, shaxsiy yozishmalar va shunga oʻxshash boshqa shaxsiy maʼlumotlardan, hatto qurilmaning «cookie» fayllaridan ham nusxa koʻchirib olinishi mumkin. Bundan tashqari, doimiy ravishda bir xil himoya parollaridan foydalanadigan internet foydalanuvchilarning xakerlardan jabrlanish ehtimoli bir necha barobarga ortadi. «SpyCloud» tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, 2022-yilda maʼlumotlari ikki yoki undan koʻp marotaba buzilgan internet foydalanuvchilarining 72 foizi oʻz himoya parollaridan ilova va dasturlarda qayta foydalangan. Bu har toʻrt kishidan deyarli uch nafari xakerlar tomonidan oʻgʻirlangan himoya parollaridan yana qayta foydalanganini bildiradi.
Zararli dasturlardan himoyalanishning oddiy va samarali yoʻli, bu – antivirus dasturlarini oʻrnatish va ulardan foydalanishdir. Ammo har doim ham antiviruslar qurilmani toʻla himoya qila olmaydi. Masalan, «Doktor Veb» kompaniyasi mutaxassislari oʻrnatilishi vaqtida kompyuterdagi antivirus dasturini oʻchirib tashlovchi virusni aniqlashganini maʼlum qilishdi. «Linux.BtcMine.174» deb nomlanuvchi ushbu troyan virusi kompyuterga tushganda, DDoS hujumlarida ishtirok eta oluvchi «Linux.BackDoor.Gates.9» nomli boshqa virusni oʻrnatadi. Soʻngra virus kompyuterda boshqa raqobatchi virus-maynerlarni izlab, ularni yopadi, antivirus dasturlarini qidirib topadi va oʻchirib tashlaydi. Shundan keyin «Monero» kriptovalyutasini mayning qilish jarayonini ishga tushiradi. Virusli dastur oʻzini oʻzi toʻgʻri ishlayotganini muntazam tekshirib turadi va muammo holatida uni qayta yuklaydi hamda doimiy yangilanmalarni oʻrnatib turadi. Mutaxassislar yangi virusdan himoyalanish uchun antivirus tizimlarini tez-tez yangilab turishni tavsiya qilishadi.
Akobir MURODOV,
IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xodimi, leytenant.
