Arqonda sakrash salomatligimiz uchun qanchalar foydali ekanini bilasizmi? Oddiy shu mashq yordamida ozish mumkinligini-chi?

Ushbu jismoniy faollik har qan­day kardiomashgʻulotlarga qaraganda koʻproq kaloriya yoʻqotishga yordam beradi. Shuningdek, yogʻni eritadi, mushaklarni kuchaytiradi, chidamlilikni oshiradi. Toʻgʻri texnika bilan mashq bajarilsa, sezilarli darajada vazn yoʻqotishning imkoni bor.

Xoʻsh, vazn yoʻqotish uchun arqon bilan qanday va qancha sakrash kerak? Avvalo, unutmangki, hech qan­day jismoniy mashqlar parhezga rioya qilmasdan turib qorindagi yogʻlardan xalos boʻlishga yordam bermaydi. Demak, ozish uchun har kuni mashq qilishingiz lozim. Birinchi marta mashgʻulot 1–2 daqiqadan oshmasligi kerak. Har 3–4 kunda ikki daqiqadan qoʻshing. Tezlik­ni kuzatish muhim, dastlab u minimal boʻlsin. Shu tarzda mashq qilish orqali siz nafaqat vazn yoʻqotasiz, balki tananing barcha mushaklarining uygʻunli­gini oshirasiz, oyoqlar, boldirlarni mustahkam­laysiz, holatni muvofiqlashtirishni, muvozanat hissini, chaqqonlikni yaxshilaysiz. Eʼtibor beringki, ovqatlanishdan oldin yoki ovqatdan ikki soatdan keyin mashq bilan shugʻullanish maqsadga muvofiq.

Agar siz koʻpincha oʻtirib ishlaydigan boʻlsangiz yoki aksincha, doimiy ogʻir narsani koʻtarish tufayli belingiz tez-tez ogʻriydigan boʻlsa, bu holatda ham arqonda sakrash mashqi qoʻl keladi. Chunki bu jarayonda umurtqa pogʻonasi choʻziladi. Natijada skolioz muammosi xavfi kamayadi.

Shu bilan birga, arqonda sakrash mashqi yurak faoliyatini yaxshilaydi, organizmda yigʻilib qolgan tuzlarni haydashga yordam beradi. Yana bir muhim jihati – stressga qarshi kurashishda eng samarali vositalardan biri hisoblanadi, asab tizimiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatib, kayfiyatni yaxshilaydi.

Ushbu mashgʻulot ozish uchun ham, salomatlik uchun ham foydali boʻlsa-da, mumkin boʻlmagan holatlar ham bor. Xususan, tomirlar varikozi, haddan tashqari semizlik, tromboflebit, tizza, oyoq, chanoq sohasi jarohatlari, yurak kasalliklari, gipertoniya va yalligʻlanish kasalligi boʻlganlar uchun arqonda sakrash mashqi holatni ogʻirlashtiradi.

Shuningdek, 50 yoshdan oshganlar mutaxassis tavsiyasisiz mazkur mashqni bajarishi tavsiya etilmaydi.

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.