Nukus shahridagi Yosh tomoshabinlar teatrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV tizimida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari oʻrtasida “Namunali oila” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

Koʻrik-tanlovda jami 22 ta oila ishtirok etib, ular dastlab tanishtirish shartida raqs, sheʼr, qoʻshiq, xalq oʻyinlari va boshqa ijrochilik mahoratlari orqali oʻz yutuqlarini namoyish etishdi. Shundan soʻng “Bu mening oilam” shartida jamiyatda tutgan oʻrni, kasbi, sevimli mashgʻuloti, oilaviy munosabatlar, oiladagi anʼana va qadriyatlarni aks ettiruvchi videorolik taqdimotini oʻtkazishdi. Shuningdek, ishtirokchilarning qanchalik kitobxonligi sinovdan oʻtkazildi.

Tanlov natijasiga koʻra, 1-oʻringa Chimboy tumani IIB profilaktika inspektori, kapitan Berdibay Bekbergenov oilasi munosib deb topilib, tanlovning yakuniy bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni Chimboy tuman IIB profilaktika inspektori, mayor Azamat Temirbayev, 3-oʻrinni vazirlikning JQB tezkor vakili, leytenant Yunus Ibragimov oilalari egalladi.

Gʻoliblar pul mukofoti, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Altinay QIDIRBAYEVA,

podpolkovnik.