Aholining jismoniy faolligini oshirish, yoshlarni sportga keng jalb qilish maqsadida joylarda turli sport musobaqalari, marafonlar oʻtkazilmoqda. Mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ham shular jumlasidandir.
Fargʻonada ushbu olimpiada doirasida yurish marafoni va sport tadbirlari tashkil etildi.
Marafon ishtirokchilari erta tongda “Fargʻona” xalqaro aeroporti oldida jam boʻlishdi. Shundan soʻng kichik xalqa yoʻli boʻylab Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyi oldigacha boʻlgan 5000 qadam masofani bosib oʻtishdi. Faol yurish yakunlangach, malakali murabbiylar koʻmagida badan-tarbiya mashqlari ham zoʻr ishtiyoq bilan bajarildi. Mohir sportchilar tomonidan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
– Yurtimiz boʻylab sportni ommalashtirish, aholining jismoniy faolligini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan bunday marafonlarda ichki ishlar organlari xodimlari doim faol qatnashib keladi, – deydi viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, kasbiy tayyorgarlik boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Ulugʻbek Niyozov. – Bugungi tadbir ham sohada xizmat qilayotgan yosh xodimlarni bir maqsad yoʻlida yanada jipslashtirdi, ular oʻrtasida hamjihatlik va doʻstlik aloqalari mustahkamlandi.
Marafon yakunida “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda marafonning faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
